Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattako‘rpaning kichik muammolari

Yaqinda ijodiy guruhimiz bilan Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa mahallasida bo‘ldik. Hududda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlarga, o‘zgarishlarga, shu bilan birga, aholini qiynab kelayotgan ayrim muammolar mavjudligiga guvoh bo‘ldik.

Obodlik ostonadan boshlanadi

Mahalla markaziga kirib borar ekanmiz, asfaltlanishga muhtoj yo‘lini hisobga olmasa,  yangi bunyod etilgan binolar, ta’mirlanayotgan imoratlar, tartibga keltirilayotgan tomorqalar aholining ahilligi, mehnatsevarligi, tadbirkorligidan darak berib turardi.

- Hududimizda 2 ta qishloq bor, - dedi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Po‘lat Salohiddinov. – Shuningdek, 2 ta maktab, 1 ta davlat va 2 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib boradi. Aholimiz asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yili tomorqachilik yo‘nalishi bo‘yicha mahallamiz tumanda eng namunali deb topildi. 73 ta hovlida issiqxona qurilgan. 18 xonadonda 1200 quti asalari parvarishlanmoqda.

Mahalla fuqarolar yig‘ini 1968 yilda qurilgan, devorlari cho‘pkari bo‘lgan eski binoda faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Hovlidagi tozalikka e’tiborsizlik biroz ko‘ngilni xira qildi, ammo mo‘’jazgina ekin maydoni tartibga keltirib qo‘yilgani, Kattako‘rpa tomorqachilikda namunali mahalla ekanligidan darak berib turibdi.

Bir o‘ringa ikki bola

Keyingi manzilimiz 13-maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bog‘cha ikki qavatli zamonaviy binoda faoliyat olib borar ekan. Bu yerda bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yaxshi albatta, ammo bir kravotda 2 nafar bolaning yotishi bizni ajablantirdi. Tarbiyachilar ham bolalarga noan’anaviy usullardan foydalanib ta’lim-tarbiya berarkan.

- Bog‘cha opamiz bizga ertakni telefondan qo‘yib beradilar, - dedi tarbiyalanuvchilardan biri. – O‘zlari stolda bir nimalarni yozib o‘tiradilar.

O‘yin maydonchasidagi arg‘imchoqlarning o‘rindiqlari ham achinarli ahvolda. Maydoncha yaqinida joylashgan xojatxonadan kelayotgan badbo‘y hid va uyulib yotgan chiqindilar bolalar salomatligiga ta’sir qilmasmikan, deb o‘ylanib qolasan kishi.

- 2019 yil aprel oyida foydalanishga topshirilgan mazkur bino 75 o‘ringa mo‘ljallangan, - deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti hamshirasi Zulfiya Bahriyeva. – Ammo 150 nafar bola tarbiyalanadi. Bundan tashqari, 2 ta qisqa muddatli guruh ochilgan. Chiqindilar masalasiga kelsak, har haftada bir marta olib ketilardi. Negadir ikki haftadan beri chiqindi tashuvchi mashina kelmayapti. Bu muammoni bugunoq bartaraf etamiz.

Mahallada tadbirkorlar safi kengaymoqda

Mahalla markazida bunyod etilgan savdo majmuasi va sport maydonchasi o‘rni bir paytlar qarovsiz, tashlandiq joy edi. Yosh tadbirkorlar tomonidan hudud obod etilib, aholi uchun qulayliklar yaratildi.

- Bundan 4-5 yil avval uch nafar o‘g‘lim ishsiz edi, - deydi shu mahallada yashovchi Abdurauf Boboqulov. – Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga, tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor sabab ularning bandligi ta’minlandi. Mahallamizda bo‘sh turgan qarovsiz yer tuman hokimi qarori bilan ajratildi va farzandlarim bankdan kredit olib, bu yerda yoshlarimizning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zamonaviy futbol maydonchasi hamda savdo markazi bunyod etdi. Qishloqlarimiz kundan-kunga ko‘rkamlashib bormoqda. Mahallamdagi 2 ta jome masjidda muqaddas Ramazon oyida taroveh namozlarini o‘qishimiz uchun sharoit yaratilgan. Biroq, aholini qiynab kelayotgan muammolar ham yo‘q emas. Mahallamizning bir qismi ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, yo‘llarimiz ta’mirlanishi kerak.

“Temir daftar”da turgan oilani kredit to‘lovi qiynayapti

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada 81 oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Bugungi kunda ularning 78 tasi oilaviy sharoiti yaxshilangan deb hisoblanib, ro‘yxatdan chiqarilgan. Qolgan 3 oila ham “Temir daftar”dan chiqarilishi arafasida ekan.

- Turmush o‘rtog‘im 2 yil avval og‘ir xastalik bilan olamdan o‘tdi, - deydi Kamola To‘xtayeva. – Bir o‘g‘il va bir qizim bor. Ularga boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Qizim xastaligi uchun nogironlik nafaqasini ham olaman. Nolimayman, davlat tomonidan oyiga jami 1 million so‘m berilyapti. O‘tgan yili oilamiz “Temir daftar”ga kiritilgandan keyin subsidiya asosida bir sotixlik issiqxona qurib beriladigan bo‘ldi. Xursand bo‘lib, bankka ariza bilan murojaat qildim. Ammo tushunmovchilik sabab, kredit asosida ikki sotixlik issiqxona qurib berildi. Buning asosiy qarzi va foizlari borligini quruvchilar kelib ishni boshlagandan keyin bildim. Issiqxona avgust oyida qurilgan bo‘lsa, usti noyabr oyiga borib yopildi. Bu yerga ekkan ko‘katlar ham Yangi yil bayramigacha tayyor bo‘lmay, ko‘ngildagidek daromad qilolmadim. Hozirgi kunda kreditni qaytarish masalasi meni qiynab kelyapti. 

 Mahallada bo‘lganimizda hududdagi mavjud Kattako‘rpa va Kichikko‘rpa  qishloqlari aholisining ana shunday katta-kichik muammolari va muvaffaqiyatlariga guvoh bo‘ldik. Yutuqlar o‘z yo‘liga, ammo odamlarni qiynayotgan masalalarga yechim topish, boshqa shu kabi muammolarning oldini olish mas’ullarning e’tiboriga bog‘liq!

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.