Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi Suv hovuzi massivida sayyor qabul o‘tkazdi: Yo‘llar asfalt bo‘ladigan, yo‘lovchilar uchun avtobus qatnovi qo‘yiladigan bo‘ldi

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A.Bahromov Suv hovuzi massivida tumanning Kumushqirg‘oq va Nomozpolvon mahalla fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Yuz nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etgan mazkur qabulda 50 ta murojaat tinglanib, ularning 30 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal qilindi.

Unda hududdagi eng dolzarb muammo toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi muhokama qilinib, yaqin muddat ichida aholini ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlanadigan bo‘ldi.

Hududni Kattaqo‘rg‘on shahri bilan bog‘lovchi 10 kilometr, shuningdek, mahallalarning 5 kilometr masofadagi ichki yo‘llari asfalt qilinadigan bo‘ldi.  Shuningdek, hududdagi kollej binosidan kutubxona uchun xonalar ajratilib, tuman hokimligi ko‘magida tegishli kitob jihozlari va kitob fondi bilan ta’minlanadi. Tumandagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasiga oshxona jihozlari, gaz plitalari va 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi ajratildi. 

- Qizim Zilola ko‘p yildan buyon og‘ir kasallik tufayli to‘shakka mixlanib qolgan, - deydi 81 yoshli Qo‘chqor bobo Turayev. - Tuman hokimi uyimizga kelib, qizim holidan xabar oldi. Unga nogironlik aravachasi taqdim qildi. Biz bu g‘amxo‘rlikdan cheksiz minnatdormiz.

Uchrashuvda shaharcha aholisining tuman va shahar markaziga qatnashida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida avtobus va letsenziyalangan taksilar qatnovini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.  Sayyor qabulda hech bir murojaat e’tiborsiz qolmadi.

 Dilmurod TO‘XTAYeV.