Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi qirg‘oqbo‘yi yerlar kimniki?

Shu yil 28 mart kuni viloyat hokimining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulida shu tumanning Nayman mahallasida yashovchi Botir Elmurodov yer muammosi bo‘yicha murojaat qildi.

– 2009 yildan buyon Oqdaryo daryosi qirg‘oqbo‘yi mintaqasidagi muhofaza zonasining Elmurod Qurbonov nomli massividagi 1,2 gektar yer maydonidan Zarafshon magistral tizimi boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanib kelyapman, – deydi B.Elmurodov. - O‘tgan yillar davomida daryo qirg‘og‘i yemirilishining oldini olish maqsadida o‘zimga tegishli bo‘lgan hududning suv yoqasini tuproq bilan to‘sib chiqdim va atrofiga tol, terak ekdim. Tekislangan yerga qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirib kelyapman va yetishtirgan mahsulotimning bir qismini shartnomaga asosan Zarafshon magistral tizimi boshqarmasiga yetkazib beryapman. Muammo shundaki, yaqinda tumanimizda faoliyat yuritayotgan «Kumush tola» xususiy korxonasi xodimlari kelib «Bu yerda tut plantatsiyasi tashkil qilamiz. Qo‘limizda tuman hokimining qarori bor. Xohlasangiz biz bilan shartnoma asosida ishlang. Ko‘chatni yetkazib beramiz, ekib, bizga bir yilda ikki marta tut bargi yetishtirib bersangiz, bas», deyishdi. Tabiiyki, ko‘nmadim. Chunki bu yerdan foydalanayotganim bois Zarafshon magistral tizimi boshqarmasiga mahsulot beryapman. Endi nega tut ekib, ularga barg yetkazib berishim kerak, unda bu yerdan qancha foyda olaman? Axir, oilamni shu yerdan olayotgan daromadim evaziga tebratyapman. Shu masalada viloyat hokimidan ko‘mak so‘radim.

Fuqaro murojaatini joyida o‘rganish maqsadida Zarafshon magistral tizimi boshqarmasiga qarashli Quyi Zarafshon tizimi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi kabi masalaga mutasaddi idora vakillari bilan birga Elmurod Qurbonov nomli massivda bo‘ldik. Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, haqiqatan ham B.Elmurodov Zarafshon magistral tizimi boshqarmasi bilan shartnoma asosida Oqdaryo qirg‘oqbo‘yi mintaqasidagi 1,2 gektar maydondan foydalanib kelmoqda. Daryo yoqasini tuproq bilan to‘sib chiqqani, 0,50 gektar yerga tol, terak va butali daraxtlar ekkani rost. Biroq shartnomada 0,70 gektar maydonda tolzor va terakzor barpo etish belgilangan, shuningdek, 2018 yilda qolgan 0,50 gektar yerga shartnomada ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekmagan, 2019 yil uchun Zarafshon magistral tizimi boshqarmasi bilan shartnoma tuzmagan.

- 2017 yilda shartnomaga ko‘ra ijaraga beruvchi tashkilotga 720 kilogramm mosh, shuningdek, ular ruxsati bilan paxta terishga hasharga kelgan ishchilarga zarur sharoit yaratish maqsadida homiylik asosida 250 dona tol yetkazib berdim, - deya izohlaydi B.Elmurodov. – 2017 yilning kuzi va 2018 yilda «Shuhrat Rahmon teraklari» fermer xo‘jaligi bilan sudlashganim oqibatida yerga ekin ekolmadim. Bu yil esa tutzor barpo etilishi haqida eshitib, haligacha qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzmadim. Viloyat hokimiga murojaat qilishimning sababi ham shunda: yo Zarafshon magistral tizimi boshqarmasi bilan, yo «Kumush tola» korxonasi bilan shartnoma tuzib, ishlashim kerak.

Bu gapdan angladikki, ushbu hududda yer maydoni bilan bog‘liq boshqa muammo ham bor. Bu masalada fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi ish yuritgan va o‘z qarorini chiqargan. Demak, tuman hokimining 2019 yil 4 fevraldagi «Tumandagi «Kumush tola» xususiy korxonasiga 104,1 gektar yer maydoni qo‘shib berish to‘g‘risida»gi 403-Q-sonli qarori tumanda pilla yetishtirish hajmini ko‘paytirish, bu mahsulot eksporti salohiyatini oshirish, shu maqsadda intensiv tutzorlar barpo etish bilan birga yuqoridagi kabi muammolarga barham berishni ko‘zda tutadi. Ya’ni, tumanning boshqa hududlaridan tashqari Elmurod Qurbonov nomli massivning 72-, 74- va 87-konturidagi mavjud 4,3 gektar meliorativ yerlarda tutzorlar barpo etish daryo bo‘yidagi yer maydonlari uchun tortishayotgan fuqarolar muammosiga yechim bo‘lishi kerak. Bu yaxshi. Ammo qirg‘oqbo‘yi mintaqasi muhofazasi yerlari chegarasi masalasi nima bo‘ladi?

Bahslashuvlardan xulosa shu bo‘ldiki, daryo yoqasida joylashgan B.Elmurodovga tegishli qirg‘oqbo‘yi yer maydonini o‘lchash kerak. Chunki Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-sonli qaroriga asosan Oqdaryo daryosining qirg‘oqbo‘yi mintaqasidagi muhofaza yer maydoni oralig‘i 50 metr etib belgilangan. B.Elmurodov egallab turgan yer maydoni esa ko‘proq.

- Bu xulosaga roziman, - dedi B.Elmurodov. – Agar mavjud 1,2 gektar yer maydonining qanchasi suv xo‘jaligiga, qanchasi tuman hokimligi zaxirasidagi meliorativ yerga tegishli bo‘lsa, shu yer maydoni asosida ular bilan alohida shartnoma tuzib, qishloq xo‘jaligi mahsuloti va tut ko‘chati yetishtiraman.

Mantiqan masalaga yechim topildi-yu yerni o‘lchashning imkoni topilmadi. Sabab – surunkali yoqqan yomg‘ir oqibatida daryo yoqasini suv bosgan, katta maydon botqoqqa aylangan.

Xo‘p, bugun bo‘lmasa, erta yo indin yer o‘lchanar, murojaatchining masalasi hal etilar. Ammo savol tug‘iladi: B.Elmurodov shu paytgacha foydalanib kelgan yer maydoni belgilanganidan ko‘p chiqsa, o‘n yil davomida ortiqcha yerni egallab, foydalanib kelgani uchun kim javob beradi? Nega shu paytgacha qirg‘oqbo‘yi mintaqasi yerlari undan foydalanuvchilarga aniq o‘lchab berilmagan? Qolaversa, ayni paytda sel oqibatlari tufayli daryo qirg‘og‘idan 50 metr u yoqda tursin 100 metr masofada ham tutzor barpo etish, undan mahsulot olishning imkoni yo‘q. Bu masala qanday yechim topadi? Gap ana shunda.

Akram HAYDAROV,

«Zarafshon» muxbiri.