Kattaqo‘rg‘onda “Ayollar qanoti” Prezident Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini o‘rgandi

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi qoshida faoliyat yurituvchi “Ayollar qanoti” a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etdi.

Unda partiya shahar kengashi huzuridagi "Ayollar qanoti" raisi Shahlo Botirova mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

— Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ayollar qanoti faoliyati uchun mustahkam dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi, - dedi Sh.Botirova. - Bugungi kunda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Biz esa bu ishlarni mahalliy darajada tizimli va manzilli tashkil etish orqali aniq natijalarga erishishimiz zarur,

Tadbir davomida 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yosh ayollar bilan ishlash, shuningdek, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan keng fikr almashildi. Partiyaning dasturiy maqsadlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ayollar elektoral faolligini kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.