Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘onlik "Farmonbibi"

Kattaqo‘rg‘on shahrining Amir Temur mahallasida yashovchi Zulfiya Polvonovani tanigan-bilgan kishilar shunday atar ekan. Bu gap onaxonning olti o‘g‘il, bir qizning mehribon volidasi va olti kelin, bir kuyovning suyukli qaynonasi, barcha farzandlari bilan bir joyda yashashigagina bog‘liq emasligiga suhbat jarayonida amin bo‘ldik.

Ko‘pning rizqi butun bo‘ladi

Zulfiya Polvonova Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilib o‘sgan. Yetti farzandli katta oilaning to‘ng‘ichi bo‘lgan.

– Ota-onam oddiy, lekin ma’rifatli kishi edilar, – deydi Zulfiya opa. – Bizni halol mehnat qilib voyaga yetkazdilar, barchamizni o‘qitib, uyli-joyli qildilar. Otamning asosiy vaqti ishda, yo‘lda o‘tgani tufayli bizning ta’lim-tarbiyamiz bilan ko‘proq onam shug‘ullangan. Bolaligimizdan nima yaxshi-yu, nima yomon, qaysi ish mumkin-u, qaysi biri mumkin emasligini, uvol-savobni o‘rgatishgan. Oilamiz juda to‘q yashamagan, ammo och ham qolmagan. Ko‘pchilikning rizqi ham mo‘l bo‘larkan-da.

Topganimizni qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ bilan baham ko‘rganmiz. Ro‘zg‘or yuki otamning zimmalarida bo‘lsa ham onam borini tejab-tergab foydalanishni yaxshi bilardi. Non pishirsa, ovqat qilsa albatta, qo‘shniga uzatardilar. Birgina bizning uyda emas, barcha xonadonda ana shunday ro‘zg‘or tutumi edi. Shuning uchun qo‘ni-qo‘shnilar ahil-inoq, bitta oiladek edi. Eshikka qulf urilmasdi, mahallada urush-janjal, o‘g‘rilik bo‘lmasdi. Hozir esa ko‘p joyda, tovoq almashish-ku yo‘q, hatto qo‘ni-qo‘shni bir-biri bilan yuz ko‘rmas, mahalladoshini tanimaydi. Bunaqa uyda xayr-baraka bo‘ladimi? Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi, degan gap bejiz aytilmagan-da.

Har bir oilaning “genplani” bo‘lishi kerak

Pedagogika institutini bitirgan Zulfiya opa Kattaqo‘rg‘ondan Xatirchiga kelin bo‘lib tushgan. O‘sha yerda maktabda bolalarga saboq bergan. Keyinchalik, savdo xodimi bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashib o‘zi ham shu sohaning odamiga aylangan. Ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish, hatto fermerlik faoliyati bilan shug‘ullangan.

– Bolalarimiz bog‘cha va maktabga borishda qiynalgach, 1986 yilda Kattaqo‘rg‘on shahridan hovli olib, shu yerga ko‘chib keldik, – deydi Zulfiya Polvonova. – Fisht zavodi qurdik, savdo kooperativi ochdik. Zamon zayliga qarab, qaysi ish istiqbolli bo‘lsa, shu ish bilan shug‘ullandik. Bolalarni o‘qitdik, birin-ketin uyli-joyli qildik. 2008 yilda shahardagi 50-60 sotix maydonni egallagan qurilishi chala qolgan bino sotilayotganini eshitib, bor mablag‘imizni shu ob’yektga tikdik, uy-joylarimizni sotdik. Auksionda g‘olib bo‘lib, binoni sotib olgach, barchamiz shu yerda yashay boshladik. Butun oilamiz bilan tadbirkorlik faoliyatimizni yangidan yo‘lga qo‘ydik. Uy-joyimizdan ko‘ra, tadbirkorlik uchun binolar qurishga e’tibor berdik. Dastlab ikkita tikuv mashinasi xarid qilib, tikuvchilik bilan shug‘ullandik. Savdo do‘koni ochdik. Bolalarimizni tadbirkorlik bilan qilishga da’vat etdik. O‘zimiz bosh bo‘lib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdik. Topganimiz o‘rtada bo‘ldi. Barchamiz mushtni bir joyga urib, harakat qilganimiz o‘z samarasini bera boshladi. Tikuv seximiz kengayib, hozirda bu yerda yigirmaga yaqin ishchi, asosan, o‘zimizning oila a’zolarimiz, mahallamiz yoshlari mehnat qilyapti. Fitnes klub, go‘zallik saloni, zamonaviy eshik-romlar ishlab chiqarish sexi ochdik.

Issiqxona xo‘jaligining foydasi haqida eshitib, ko‘rib shu sohada ham o‘zimizni sinab ko‘rishga qaror qildik va o‘tgan yil 12 sotix maydonda limonariy tashkil etdik. Ko‘chatlar hali kichik bo‘lgani uchun ikki marta bodring ekib oldik, yaxshi daromad qilsa bo‘lar ekan. Muhimi, bolalarim, nabiralarim peshona teri bilan mehnat qilib, uning rohatini ko‘rishni o‘rganyapti.

Shu tarzda har bir ishni barchamiz bamaslahat bajaramiz, uzoqni ko‘zlab harakat qilamiz. Ko‘pincha oilamiz jam bo‘lganda dadasi ikkimizga “Sizlar genplanni tuzib bering, biz bajaramiz”, deyishadi hazillashib. Ana shunday oilaviy suhbatlarimizning birida davlatimiz berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bog‘cha qursak, deb taklif aytgandim. Bu gap bolalarimga ham ma’qul kelib, harakatni boshlab yuborishdi. Shahar hokimligi qo‘llab-quvvatladi va davlat-xususiy sheriklik asosida bir yo‘la ikkita – 100 va 140 o‘rinli bog‘cha quryapmiz.

O‘g‘illarimning biri loyiha qilib keldi, biri qurilish materiallari yetkazib beryapti, boshqasi qurilishga bosh bo‘lyapti. Bir tomonda bog‘cha uchun zarur mebel va jihozlarni tayyorlayapmiz. Nasib etsa, Navro‘z bayrami arafasida mahallamizdagi bog‘chani foydalanishga topshiramiz. Bundan keyin majmuamizning ikkinchi qavatida 100 o‘rinli mehmonxona tashkil etishga kirishamiz. Yana boshqa rejalarimiz ham bor.

Olti kelin bir hovlida

Ayni paytda Z.Polvonovaning farzandlari boshqarayotgan savdo va maishiy xizmat majmualari, sexlar joylashgan binoning ortidagi turar joyda ularning o‘zi istiqomat qiladi. Olti kelin bir joyda turmush kechiradi. Albatta, har birining ro‘zg‘ori alohida, ammo topish-tutishi bir joyda. Yangi loyiha, tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishadi. Oilaning yolg‘iz qizi ham aka-ukalari bilan birgalikda tadbirkorlik qiladi. U tikuv sexini boshqaradi.

–  Qirq kishi shu yerda yashaymiz, – deydi Zulfiya opa. – Bolalarimning ro‘zg‘ori alohida bo‘lsa ham har hafta yakshanba kuni osh damlab, barchamiz bir dasturxon atrofida to‘planamiz. Bolalarim, kelinlarim shunga o‘rgangan. Nabiralarim ham barchasi aka-uka, opa-singildek o‘sadi. Bir-biriga mehri oshadi. Ko‘p rejalarimizni ana shu dasturxon atrofida muhokama etib olamiz. Kimga nima kerak, qanday rejasi bor – eshitib, amalga oshirishga harakat qilamiz. Katta ro‘zg‘orning barakasi boshqacha bo‘ladi-da.

Keyingi paytda qaynona-kelin o‘rtasida yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklar, turli gap-so‘zlar tez-tez qulog‘imizga chalinadigan bo‘lib qoldi. Kelinidan ko‘ngli to‘lmayotgan qaynonalar yoki qaynonasidan norozi kelinlarni ham uchratamiz. Ayrim oilaviy ajrimlar qaynona-kelin munosabatlari bilan bog‘liqligi bugun sir bo‘lmay qoldi. Ana shunday pallada Zulfiya opaning olti kelin bilan bir hovlida yashashi, oilasidagi xotirjamlik, barakaning siri nimada ekan?

– Buning siri – men kelinlarimni o‘g‘illarimdan ortiq ko‘raman, – deydi onaxon. – Munozarali paytda yoki o‘zaro tortishib qolganlarida kelinlarim tarafida bo‘laman. Keyin ularning har biri bilan alohida suhbatlashaman. Er yoki xotinning xatosini o‘zlarini chaqirib  tushuntiraman va kelgusida bunday kamchilikka yo‘l qo‘ymaslikka da’vat etaman. Birining kamchiligini ikkinchisining oldida yuziga solmayman. Ayrim onalar singari o‘g‘illarimni kelinlarimdan qizg‘anmayman. To‘g‘risi ham shu-da. Axir u o‘zi tug‘ilib o‘sgan xonadondan, ota-onasining issiq bag‘ridan bolamni deb bu yerga keldi. Jonini garovga qo‘yib, o‘g‘limning zurriyodlarini dunyoga keltiradi. Bizning oilaga moslashishga harakat qiladi. Qanaqasiga bunday insonga zug‘um qilish mumkin. Axir u mening bolam bilan yangi bir oilani yaratyapti-ku. Bunday paytda har bir qaynona bag‘rini keng ochib, kelinini o‘z qizidek qabul qilishi kerak. U bir joydan ikkinchi joyga o‘tqazilgan nihol. Unga e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish lozim. Kelinni bolam desang, u senga bag‘rini ochadi. Qabul qilmasang, sendan uzoqlashishga harakat qiladi.

Ba’zida urishib qolgan qaynona-kelin yoki yosh kelin-kuyovlarni yarashtirish uchun mahallaga chaqirishadi. Shunday paytlarda ko‘proq qaynonalar, kuyovlarga og‘irroq bo‘lishni, murosa bilan ish tutishni maslahat beraman. Kelinga ham aytadigan so‘zlarim bo‘ladi, albatta. Ammo ko‘pincha ularning o‘zi bilan gaplashishga harakat qilaman. Yakkama-yakka suhbatda ko‘nglini ochib gapiradi-da. Baribir, kelinning yangi oilaga moslashishi qaynonaning bag‘rikengligiga, mehriga bog‘liq, deb hisoblayman.

Katta kelinimning bizning xonadonga kelganiga 26 yil bo‘ldi. O‘tgan yil qizlarini turmushga uzatdik, o‘zi ham qaynona bo‘ldi. Lekin haligacha mendan maslahat so‘raydi. Biror joyga bormoqchi bo‘lsa, meni xabardor qilishni unutmaydi. Menga aytmasa ham hech narsa demayman, ammo shu odat bo‘lib qolgan. Boshqa kelinlarim ham shunday, katta ovsinlari singari oilamizga moslashib ketgan.

“Buvisining tarbiyasini olgan qizni kelin qilamiz”

– O‘tgan yil katta o‘g‘limning qizlarini so‘rab kelgan sovchilar shunday deyishdi, – deya so‘zida davom etadi Zulfiya opa. – Hammamiz bir joyda yashaganimiz uchun, nabiralarim, ayniqsa, qizlar tarbiyasiga o‘zim e’tibor beraman. Yurish-turish, kiyinish madaniyati deysizmi, ro‘zg‘or tutumi, mehmon kutish va mehmondorchilikka borishmi – o‘rgatib boraman. Chunki, qiz bola avvalo, odamlar bilan muomala-muloqot qilishni, ro‘zg‘or yuritishni o‘rganishi kerak.

Bo‘lajak kuyovlarning ota-onasi, oilasini surishtirib, yaqindan tanishib, quda bo‘ldik. Ikki nevaramning ham sepiga kitob soldim. Dabdabali sep qilmadik, o‘zlariga eng zarur narsalarni berdik. Ota-onaning farzandiga bergan yaxshi tarbiyasi, o‘rgatgan kasb-hunari uning eng katta sepi-da. Qolganini o‘zlari mehnat qilib topganlari ma’qul. Shunda har bir narsaning qadr-qimmati bo‘ladi...

Ochig‘i, bu xonadonga Zulfiya Polvonovaning tadbirkorlik faoliyati haqida maqola tayyorlash niyatida borgan edik. Ammo, o‘qiganingizdek, onaxonning har bir fikri, yetmish yillik hayoti sahifalarida ish faoliyatidan ko‘ra, oilasi, farzandlari bilan bog‘liq xotiralar, aytilgan va aytilishi kerak bo‘lgan gaplari ko‘proq ekan. Bundan shunday xulosaga keldikki, ayol oddiy ishchi-xizmatchi yoki tadbirkor bo‘ladimi, yuksak lavozimdagi rahbar yoki deputatmi u uchun avvalo, eng oliy maqom – sevimli yor bo‘lish, mehribon onalik va baxti butun oila bekaligidir.

Folib HASANOV,

Alisher ISROILOV (foto).