Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘onlik Xursantosh opa buzilgan huquqlari tiklanishini istayapti

Kattaqo‘rg‘on tumani Kadan mahallasida yashovchi Xursantosh Qayumova (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ishonch telefoniga) murojaat qilib, o‘zi va mahalla aholisi muammolarini biror bir jurnalist kelib o‘rganishi va yoritishini so‘ragan ekan. Ushbu murojaat asosida Xursantosh opa va kadanliklar bilan uchrashish uchun Kattaqo‘rg‘onga yo‘l oldik.

Avvalo, Kadan mahalla fuqarolar yig‘iniga borib, oqsoqol Shukrullo Shernazarov hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis Bashorat Jabborova bilan uchrashdik.

– Opaning murojaati asosan pensiya bilan bog‘liq, – dedi mahalla raisi Kattaqo‘rg‘onga kelishimiz boisini aytganimizdan so‘ng. – Keksalik pensiya puli kamligi yuzasidan ko‘p joylarga chiqqan, tegishli mutaxassislar kelib o‘rgangan. Yana shu masalada murojaat qilgan bo‘lsalar kerak-da. Mahalla aholisining qaysi muammolari haqida aytmoqchi bo‘lganlar, to‘g‘risi, bundan xabarim yo‘q. Yo‘l bilan bog‘liq muammo bor edi, o‘tgan yil asfalt qilinmagan bo‘lsa ham tosh to‘shalib, tekislandi...

photo5233677148261297585.jpg

Shundan so‘ng mahalla oqsoqoli hamrohligida Xursantosh opaning xonadoniga bordik.

12 sotixli kattagina hovlida opa yolg‘iz yashar ekan. Uy juda ko‘rkam bo‘lmasa-da, har holda yashash uchun sharoit yaratilgan. Mahalla raisining aytishicha, opa tomorqasida o‘zi ekin-tikin qiladi, mol-qo‘y boqadi. Yoshligida qo‘li gul tikuvchi bo‘lgan. Hozir ham ba’zida shu ish bilan shug‘ullanadi, hunarini boshqalarga o‘rgatadi.

Biz eshik qoqib borganimizda Xursantosh opa hovlidagi qurigan daraxtlarni kesib, o‘tin tayyorlash bilan mashg‘ul edi.

photo5233677148261297579.jpg

– Bolaligimizdan mehnat qilib o‘sganmiz, ota-onamiz shunga o‘rgatishgan, – dedi Xursantosh Qayumova. – Peshona teri bilan topilgan non shirin, qadr-qimmati boshqacha bo‘ladi-da. Hozir ham tomorqada ishlayman, mol, qo‘y boqaman. Kartoshka-piyoz, umuman, ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlarni o‘zim yetishtiraman. Bir necha mevali daraxtlarim, uzum-voyishim bor. Ro‘zg‘ordan ortganini qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ga beraman, bozorga chiqaraman. Xudoga shukr, shuning ortidan ro‘zg‘orim but, birovning qo‘liga qarab qolganim yo‘q. Mahalla, hokimiyat yordam berarmikan, deb kutmayman, o‘ylamayman ham.

Yolg‘onga, adolatsizlikka toqatim yo‘q. Ammo, 2012 yilda – 54 yoshimda pensiyaga chiqish uchun harakat boshladimu adolatsizlikka uchradim. Mehnat daftarchamda 23 yildan ortiq mehnat stajim yozilgani holda tuman arxiv idorasi ish davrim bir necha bor uzilib qolgan holda ma’lumotnoma berdi. Keyin shu asosida 2013 yil iyun oyida 10 yilu 5 oylik ish stajim hisobga olinib, 74 ming so‘m bilan (pensiya jamg‘armasi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 82 ming 375 so‘m – G‘.H.) pensiyaga chiqdim.

photo5233677148261297583.jpg

Shundan so‘ng hisobga olinmagan va “yo‘qolib qolgan” ish stajimni topish, aniqrog‘i adolatni tiklash uchun harakatni boshladim.

Fuqarolik sudiga murojaat qildim. Advokat yollang, deyishdi. Yolladim. Yusupov degan advokat 380 ming so‘m to‘lashingiz kerak deb aytdi. To‘ladim, lekin hech qanday qog‘oz bermadi. Sud bo‘ldi-yu, mening da’volarim rad etildi. Advokatning ham qo‘lidan hech narsa kelmagach, to‘lagan pulimni qaytarishini talab qildim. Afsuski, bu talabim ham ochiq qoldi. Shu bilan to‘xtab, chekinmadim. Yana sud, prokuratura, adliya idoralariga murojaat qildim. Ammo natija yo‘q, da’volarimni rad etishadi yoki tayinli javob berishmaydi. Tag‘in javobimizdan qoniqmasangiz, yuqori instansiyalarga murojaat qiling, deb yozishadi. Aytgan yuqori instansiyalariga ham yozdim. Qancha “yuqori”ga yozmang, murojaatni ko‘rib chiqishni yana quyiga yuborishadi. Men shu quyi idoralar javobidan qoniqmay, yuqoriga yozsamu ular arizani pastga yuborishiga hech tushunmayman.

Bu orada sudyalar, rahbarlar joylarga chiqib, sayyor qabullar o‘tkazadigan, odamlar dardini eshitadigan bo‘ldi. Oliy sud sudyalarining, viloyat sudlari rahbarlarining shunday qabullariga ham bordim, masalamni o‘rtaga qo‘ydim.

Ana shu yugur-yugurlar ortidan 2017 yil 13 iyunda fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi mening da’volarimni qanoatlantirib, 1976 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘idagi ish stajimni tiklab berdi. Shundan so‘ng pensiya jamg‘armasi 27 yillik ish stajim asosida pensiya tayinladi. Hozir 451 ming so‘m pensiya olaman. Men shunga ham shukr qilaman. Muhimi, adolat tiklanganidan xursandman.

photo5233677148261297589.jpg

Lekin meni bir narsa o‘ylantiradi – mana qonun, adolat bor ekan, haqiqat yuzaga chiqar ekan, nega buning uchun shuncha yugurish, turli idoralar eshigiga sarson bo‘lish kerak? Bunday holat shu mamlakat fuqarolariga nisbatan adolatsizlik emasmi? Buning uchun hech kim javob bermaydimi? Nega men 2013 yildan ish stajim to‘la tiklangunga qadar 10 yillik staj bilan pensiya oldim? Shu vaqt oralig‘ida yo‘qotgan vaqtim, mablag‘im, salomatligimning bahosi, hisobi bormi? Buning uchun kim yoki kimlar javob beradi? Men ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararni talab qilishga haqqim, huquqim bormi?

Ikki yildan buyon shu savollarga javob izlayapman. Yana sud, prokuratura, hokimiyat va boshqa idoralarga murojaat qilishimning boisi shunda. Prezidentimizga ming rahmat, shunday ochiq, erkin jamiyat barpo etayaptilar. Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, rahbarlar xalq orasida bo‘lsin, odamlarning dardu tashvishlarini eshitib, ularga yechim topsin deyaptilar. Afsuski, bu gaplarning hammasi ham quyida to‘liq bajarilmayapti. Men shundan noroziman.

photo5230964292298321127.jpg

Qonunlar hayotiyligi, qat’iy ijrosi bilan kuchli. Qonunlar bolasiga gapi o‘tmaydigan ota-onadek bo‘lib qolmasligi kerak. Amalda ishlashi zarur. Unga oddiy fuqaro ham, amaldor ham birdek rioya etsin. Qonunni har kim o‘z tomoniga og‘dirishga intilmasligi yoki uni chetlab o‘tishni odat qilmasligi kerak. Men jamiyatimizda hali-hanuz ana shunday kimsalar borligidan, ular qaysidir lavozimlarni egallab turganidan, oddiy odamlarni eshitmayotganidan noroziman.

30 yildan beri shu yerda yashaymiz. Bir necha yildan buyon yozda chang, qishda loy bo‘ladigani yo‘limizni sozlab, asfalt qilib berishlarini so‘radik. Yo‘q, bo‘lmadi. 2018 yilda yuqori idoralarga murojaatimizdan keyin tuman yo‘l idorasidan kelib, 2019 yil birinchi chorakda asfalt qilamiz, deyishgandi. Afsuski, bu ham va’daligicha qoldi. O‘tgan yil yo‘limizning bir qismiga tosh to‘kib, tekislab berishdi. Shunisiga ham rahmat. Ammo, yo‘lning yarmi yana qolib ketdi. Gaz va elektr energiyasi masalasida ham muammolarimiz bor. Bu ishlar tegishli dasturlar asosida bajarilishidan, katta mablag‘ sarflanishidan ham xabardormiz. Faqat buni xalqqa tushuntirib, rostini aytishsin, “erta qilamiz”, “indin boshlaymiz” deyishmasin. Men ana shunday yolg‘on va’dalardan noroziman...

Xursantosh opa mahalla, qo‘ni-qo‘shnilari hayoti bilan bog‘liq yana ko‘p muammolar haqida gapirdi, bu masalalar yuzasidan rahbarlarga, davlat organlariga yana murojaat qilishini aytdi. Opaning fikrlarida jon bo‘lsa-da hamma gaplarini ham asosli deb bo‘lmaydi. Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi, pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi mas’ullari bilan suhbatlashganimizdan so‘ng Xursantosh opaga, shu bilan birga mahalla aholisiga huquqiy yordam berish, ularni tegishli davlat va hududiy dasturlar bilan yaqindan tanishtirish zarur, degan xulosaga keldik. Buni tuman mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘ini inobatga oladi, deb umid qilamiz.

X.Qayumova bilan suhbatlashib, uning fikrlarini eshitib, bilganimiz shu bo‘ldi – opa hech kimdan moddiy yordam yoki manfaat kutmayapti. Uyiga hech kim yo‘qlab kelmayotganidan, turli bayramlaru tadbirlarga taklif etishmayotganidan ham noliyotgani yo‘q. Faqat ko‘tarilayotgan masalalarga e’tibor qaratilishini, buzilgan huquqlari tiklanishini istayapti.

G‘olib HASANOV.