Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kelgusi yil Samarqandda bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yig‘ilishi o‘tkaziladi

Bugun, 16 noyabr kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi hamda YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Samarqand konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.

YeTTB bilan samarali hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oxirgi olti yilda O‘zbekistonning ushbu nufuzli moliyaviy instituti bilan aloqalari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, uy-joy kommunal xo‘jalik sohalarida DXSh loyihalarini amalga oshirish, «yashil» taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Odil Reno-Basso yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi hamda sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimizning YeTTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.