Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kelin qaynotasining uyiga sud qarori bilan kiritiladigan bo‘ldi

Mastura (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 2016 yilda Samarqand tumani Rustam qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgach, turmush o‘rtog‘i bilan qaynotasi - Shoqosim Meliyevga tegishli uyda yashagan.

2017 yilda farzandli bo‘lgan Mastura turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ketgandan so‘ng ota-onasining uyida yashay boshlaydi. Bunga farzandining salomatligida muammo borligi ham sabab bo‘lgan.

2019 yil fevral oyida turmush o‘rtog‘i Rossiyadan qaytganidan keyin Mastura Rustam qishlog‘iga qaytganida qaynonasi va qaynotasi uni uyga kiritmagan.

Mahalla faollarining aralashuvi ham hech qanday naf bermagan. Savol tug‘iladi, Mastura endi qayerga borsin? Axir u turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy ajrashmaganku?!

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining joriy yil 25 iyundagi hal qiluv qarorida Masturani farzandi bilan Samarqand tumani Rustam qishlog‘idagi kelin bo‘lib tushgan uy-joyga kiritilishi belgilangan.

Tabiiyki, qaynotasi – Sh.Meliyev sudning bu qaroridan norozi bo‘lib, hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘ragan.

Uy-joy kodeksining 32-moddasi 1-bandiga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishi mumkinligi hamda ular mulkdor bergan turar-joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishi, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlishi mumkinligi, bu shaxslar uy, kvartiraning, mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.

Birinchi instansiya sudi garchi da’vogar 2017 yil mart oyidan buyon nizoli uyda yashamasa-da, kelin bo‘lib tushgan uyda yashash huquqi borligi, turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohda ekanligi va boshqa uy-joyi mavjud emasligini inobatga olib, Masturani farzandi bilan qaynotasi nomidagi uy-joyga kiritib, qonuniy va asosli to‘xtamga kelgan.

Fuqarolik ishlari buyicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ajrimiga ko‘ra, hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi.

H.AKOBIROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyati sudi katta mutaxassisi.