Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kichik mamlakatning buyuk ixtirolari

Shotlandiya. Buyuk Britaniyadagi kichik mamlakat. “Xo‘sh, nima bo‘pti? Jahonda bunday mamlakatlar kammi?”, deyishingiz mumkin. “Ha, kam”, deya javob bera olamiz.

Gap shundaki, insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan juda ko‘p kashfiyotlar shu mamlakatda dunyoga kelgan. Jumladan, aynan Shotland temirchisi Makmillion 1839 yilda hozirgi kunda bizga yaxshi tanish velosipedni ixtiro qilgan: rul, egar, pedallar... hammasi uning zakovati mahsuli.

Shotland veterinari Danlop esa 1887 yilda ushbu velosipedga pnevmatik shinalar o‘ylab topgan. Keyinchalik o‘z nomidagi kompaniyani tuzgan, u hozirgacha avtomobillar uchun pokrishka ishlab chiqarayotgan yirik korxonalardan biri.

 Yana bir shotland Aleksandr Fleming angina, otit, oshqozon-ichak va boshqa yuqumli kasalliklarni davolovchi pensillinni kashf qilgan.

Kimyogar Charlz Makintosh haqida eshitgandirsiz. Eshitmagan bo‘lsangiz, o‘qing: odamlar foydalanadigan nam o‘tkazmaydigan gazlamani shu kimyogar yaratgan va undan tikilgan plashlar uning nomi bilan Makintosh, deb atalgan.

1856 yilda avstraliyalik Jeyms Xarrison birinchi marta kompressor yordamida ishlaydigan sovutgich yaratgan. Kechirasiz, biz “avstraliyalik” deb yozibmiz. Jeyms Xarrison aslida shotland.

Shotland ixtirochilaridan yana biri Jon Logi Berd. Kasbi muhandis, televideniye yaratuvchilaridan biri. 1924 yilda u harakatlanayotgan odam sharpalarini namoyish etuvchi birinchi mexanik “televizor”ni yaratdi. 1928 yil 3 iyulda birinchi marta to‘laqonli rangli tasvirni uzatishni kashf qildi.

Kichik mamlakatning nomining dunyoga yoygan buyuk ixtirochilari ro‘yxati shu bilan tugamaydi. Yaxshi bilamiz, Jeyms Klerk maksvell shotland fizigi, mexanik va matematik. Texnika institutida Maksvell tenglamasini o‘tganmisiz? “Maksvell iblisi” haqida eshitganmisiz? Jeyms Maksvel elektr magnit to‘lqinlari va gazlar ginetik nazariyasidan tashqari yo‘l-yo‘lakay maishiy buyumlari yaratish ustida ham ishlagan. Aynan u 1861 yil 17 mayda barcha ilmiy jamoatchilikka dunyoda birinchi rangli fotografiyani namoyish qildi.

Shotland jarrohi Jon Xonterni aytmaysizmi? Jarrohlikni fan sifatida u dadil olg‘a surdi. O‘qdan yaralangan jarohatlarni va tish og‘riqliklarini o‘rganish va davolash usullarini yaratdi. Ovqat hazm qilish mexanizmini batafsil izohlab berdi, ungacha bu haqda tayinli fikrni hech kim aytolmagan.

Shotland geologi Jeyms Xatton o‘zining “Yer nazariyasi” kitobida birinchi marta yer qa’ri kaynoq lavadan iboratligi va aynan lava tog‘ tizimlari hosil bo‘lishini chaqiruvchi harakat ekanligi haqida taxminni olg‘a surdi. Aynan Xatton nazariyasi Charlz Darvinni tabiiy tanlash g‘oyasini rivojlantirishga turtki berdi.

Shotlandiya tarixida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk aql-zakovat daholari shunchalik ko‘pki, hatto hozirda rivojlangan mamlakatlar ham bu borada ular bilan bo‘ylasha olmaydi. Misol uchun, dvegatil ixtirochisi Jeyms Uattni olaylik. Uning bu kashfiyoti natijasida keyinchalik paravozlar, paroxodlar yaratildi. Ixtirochining ismi-sharifi esa quvvatni o‘lchov birligi - vattga aylandi.

T.Shomurodov tayyorladi.