Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimni oldin tarbiyalash kerak, kattalarnimi yoki bolalarni?

Xasaki o‘g‘ri

Erta tong chog‘i ko‘chaga chiqsam, qo‘shnimiz Marat tijoratchi darvozasi qarshisiga bir mashina pishiq g‘isht keltirib to‘kibdi.

G‘ishtmisan g‘isht ekanda o‘ziyam, xuddi oltin quymalaridek yalt-yult qiladi-ya! Ha, yaramas Marat-a, kundan-kunga semirib, boyib ketayapti. Bu luqmaniyam o‘marganda bironta xufya joydan. Ay, menga nima, havasim ketdi, ana shu oltin g‘ishtlaridan hech kimga bildirmay o‘ttiz-qirqta olaman. Tijoratchi uchun xas-xashakday gapda bu g‘ishtlar. Tog‘dan bir tosh.

O‘tirg‘ichda bir oz o‘tirdim.

Marat hamsoya qayoqqadir ketgach, ko‘cha jim-jit bo‘lib qoldi.

Yon atrofga olazarak qarab, astagina o‘rnimdan turdim-da, g‘ishtlarning eng saralaridan terib, imi-jimida hovliga kirgiza boshladim.

Bir payt qarasam, yonimda maktabga ketayotgan katta nevaram angrayib turibdi.

- E, nima qilayapsiz, bobo?

- Ay, Marat akangning pishiq g‘ishtidan to‘rt-beshta kirgizdim hovliga. Gulzorimiz chetiga teraman bularni.

- To‘rt-beshta emas, kirgizgan g‘ishtlaringiz juda ko‘p-ku, bobo! So‘ragansizmi ishqilib, u kishidan?

- Ay, so‘rab nima qilaman, arzimas g‘ishtda bu…

- Arzimas bo‘lsayam so‘rash kerak egasidan, bobo. So‘ramay olsangiz o‘g‘irliqi deyishadi. O‘zingiz aytgansizku, «o‘g‘irlik bitta tuxum o‘g‘irlashdan boshlanadi», deb, esingizdami?

- E, o‘g‘irlik emas bu! Xasaki, mayda-chuyda o‘g‘irlik ataladi bu xalq ichida. Xasaki o‘g‘irlikda bu! Xasaki… Bor, maktabingga jo‘na! Bo-or!!!

- Bobo, bobo, u kishining ayollari juda badjahl, jangari…

- Badjahl bo‘lsa, menga nima. Jodugar bo‘lmaydimi… Bor, jo‘na maktabingga! Bugun tuxumdan chiqqan jo‘ja…

…Kechqurun «bir to‘shak kasal» holda yotgandim, yonimga ohista o‘sha nevaram keldi.

- Ha, bobo, sizga nima bo‘ldi?

- Maza yo‘q, boyagina qo‘shni Marat akangning o‘sha badjahl xotini boplab «chilyosin» qilib ketdi.

- Chilyosini nima u, bobo?

- Kelib oppoq soqolimga tupirdi, la’nati! «O‘g‘irlagan g‘ishtlaring mozoringga qo‘yilsin, sen betiqoraning» dedi shang‘illib. Chilyosini shu, ulim!

Murodim UMRZOQOV.