Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimyogarliklar nega ertalab yugurmay qo‘yishdi?

Ijtimoiy  tarmoqlarda g‘alati xabarga ko‘zim tushdi. Shvetsariyaliklar havo sotishni boshlashibdi. 7 litr Alp tog‘lari havosi joylangan maxsus balloncha 21 dollar baholanibdi (bu degani 120 marta nafas olishingiz taxminan 200 ming so‘mga tushadi).  Ana xolos, sotilmagan, pulga chaqilmagan shu havo qolgandi. Shunga ham yetib kelibmiz.

Sanoat o‘ta rivojlangan megapolislarda (ayniqsa, Xitoy) kishilar og‘iz-burunlariga maska taqib yurishlariga, mashinalar haydovchilari kunduz kuni 4 metr masofani ko‘rolmay, avtohalokatlar sodir etilayotgani haqidagi habarlarga ham ko‘zimiz tushgan yangiliklarda. Endi esa havo biznesi boshlanibdi...

Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashovchilarning tashvishi, shikoyatlari asosida yuzaga kelgan turkum maqolalar ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida juda keng yoritildi. Gektarlab maydonni egallagan chiqindi maydonlari “yoppasiga” yoqib yuborilmaydigan bo‘ldi. Go‘yo,  muammo shu bilan vaqtincha bo‘lsa-da, hal etildi.

E’tibor berganmisiz, kechki payt havoni chang, to‘zon, tutunmi yoki tuman qoplab olyapti, nafas olish qiyin. Qor yoqqanda, bu holat biroz o‘zgargandi. Oqlik - poklik deganlariday, qor ko‘p ayblarimizni bekitib turgandi. Endi yana o‘sha holat takrorlanyapti. Nimaligini bilolmaysan, changmi, tutunmi yo boshqa narsa? Bir tanishimning aytishicha, bu quyosh nurlari ostida kunduzi ko‘rinmaydigan, biz nafas olayotgan, yutayotgan havo ekan. Nahotki, biz shunday havodan nafas olayotgan bo‘lsak?!

Aniqrog‘i, shaharda bir kunda ikki mahal: ertalab va kechqurun transport vositalari qatnovining jadallashishi hisobiga, shahar ob-havosi keskin buziladi. Avtomashinalarimizdan chiqayotgan zaharli tutun kichik shahrimizning atmosfera havosiga yaxshigina zarar keltiradi.

Bizda sanoat u darajada rivojlanmagan, zararli tutunlar chiqaradigan zavod-fabrikalar shahardan uzoqda joylashgan bo‘lsa, aholi yashaydigan hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari chiqindilarini filtrlayotgan bo‘lishsa, nega nafas olish mushkullashib boryapti? Birgina avtomashinalar havoni shuncha bulg‘ayaptimi?

Qish faslida o‘zi tabiat ranglari biroz xiralashishi bor gap. Ammo tevarak-atrof kulrang tusga kirsa, g‘alati bo‘lar ekan. Talabalikda, yozgi ta’til paytlari qarindoshlardan xabar olgani qishloqqa borardik. Rahmatli enam har xil tansiq yeguliklarni bizga ilinaverar va har gapida “Sut-qatiqdan, yong‘oq-mayizdan ko‘proq ye, bolam! Shaharda bunaqa narsalar topilmaydi. Suvidan icholmaysan, havosidan nafas olib bo‘lmaydi, bo‘g‘ilasan,” derdi. Buni keksalarning injiqligiga yo‘yardim! Bu so‘zlarining ma’nosini endi-endi tushunyapman.

Eh, dono, oqila va mehribon enajonim-a!

Tongda yaqinlarim yugurishni odat qilishgandi. Bundan kayfiyatlari ko‘tariladi, sog‘lom bo‘lishadi, stresslari ketadi, deb xursand bo‘lardim. Bugun ular yugurishni to‘xtatib qo‘yishdi. “Erinib qoldingizmi, nega  yugurmayapsiz” desam, tongda musaffo bo‘ladigan havo hozirda tutun bo‘lib qolayotganmish. Bu haqiqat.

Bu ketishda tez orada “Alp ballonchalari” o‘zimizga ham kerak bo‘lib qoladiyov.

Gulchehra BERDIYoROVA.