Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘chalar ta’miri, yo‘l qurilishida aholiga hech qanday ziyon yetkazmaslik kerak

Samarqandda keng qamrovli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari qadimiy kent uchun g‘oyatda muhim bo‘lgan yo‘l qurilishi bilan birga olib borilmoqda. Bir vaqtning o‘zida to‘rt-beshta ko‘chada zamonaviy texnika vositalari yordamida yuzlab texnik ishchi-xodimlar belgilangan reja asosida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirmoqda.

Samarqand eshkak eshish kanali atrofida qurilishi rejalashtirilgan, turistik markazga olib boradigan yo‘l, Gulobod va Afrosiyob ko‘chalarining zamonaviy tus olishi hamda Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari chorrahasida yer osti avtomobil yo‘li hamda ko‘prik qurilishi ana shu yangilanishlarning asosini tashkil etadi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kuni kecha rekonstruksiyasi boshlangan Afrosiyob ko‘chasida bo‘lib, amalga oshiriladigan barcha ishlar loyiha asosida puxta va bekami-ko‘st bajarilishi lozimligini uqtirdi:

“Qilayotgan barcha ishimiz aholi uchun ekanligini esdan chiqarmaylik. Maqsadimiz xalqimizga yashash va mehnat qilish uchun qulaylik yaratishdan iborat. Shunday ekan, ko‘chalarni yangilash jarayonida aholiga hech qanday ziyon yetkazmaslik lozim”.

Loyiha amalga oshirilsa, Afrosiyob ko‘chasi umuman boshqacha tus oladi. Hovlilarning old qismi – fasadi xonadon sohiblari va homiylar ko‘magida yangilanadi. Zamonaviy shaharsozlik usuli an’anaviy arxitektura bilan uyg‘unlashishiga e’tibor qaratiladi.

Erkinjon Turdimov me’morlar guruhi tomonidan tayyorlangan binolar loyihasiga o‘zgartirish kiritish lozimligini aytdi. Chunki ularning aksariyati loyihada ikki qavatli bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Binolarning old qismi talabga javob bersa, ularga boshqacha tus berishning hojati yo‘qligi, bunda avvalo odamlar manfaatidan kelib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Yo‘l atrofida joylashgan mahallalarda shu vaqtgacha kanalizatsiya mavjud emas edi. Endi yo‘l chetida kanalizatsiya quvurlari bilan birga yangi ichimlik suvi tarmog‘i yotqiziladi. Rekonstruksiya davomida piyodalar ham esdan chiqqan emas. Piyodalar yo‘lagi tubdan o‘zgartiriladi va hozirgi past-baland yo‘lak bir tekis qilib quriladi.

Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV.