Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘ngildagi nizo oilani, mahallani, turmushni ham buzadi

Chunki nizo ilmsizlikdan, farosatsizlikdan, adolatsizlikdan, hasaddan, eng yomoni, o‘jarlik va qitmirlikdan kelib chiqadi. Jizzakilik ana shuning oqibati. Negaki, bu toifa odamlarda sabr, qanoat bo‘lmaydi.

Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Kimnidir bilib bilmay xafa qildingizmi, darhol murosaga keling, aks holda, u ham javob qaytarsa, nizo boshlanadi. Bunga hayotda yuzlab misollar borki, bunday noxushliklarga har qadamda duch kelyapmiz.

Nizoning xavfliligi shundaki, u tarafkashlikni keltirib chiqaradi. Buyuk allomamiz Mahmud az-Zamaxshariy aytganidek, “Nizo va nifoq mavjud joyda noxushlik bo‘lar, qayg‘u-hasratu faqirlikka tushilur”. Binobarin, xalq o‘rtasida “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi”, degan naql ham bor.

Aytaylik, uyda qaynona-kelin o‘rtasida arzimagan masalada kelishmovchilik chiqadi. Yashirib nima qilamiz, qaynona butunlay boshqa muhitda tarbiya ko‘rgan kelinining o‘ziga ma’qul tushmagan harakatini bosiqlik bilan to‘g‘irlashni ep ko‘rmaydi. O‘z “obro‘”sini oshirmoqchi, undan aqlliligini “ko‘rsatib qo‘ymoqchi” bo‘ladi. Maslahat o‘rniga piching, kinoya qiladi.

Kelin ham hali o‘zi moslashmagan muhitdagi an’anaga moyillik bildirmaydi. Aksincha, o‘zining zamonaviyligini “namoyish” etishga urinadi. Qarabsizki, bizu Siz har kuni duch kelayotgan nizo boshlanadi. Ko‘ngildagi nizo harakatga ko‘chadi, unga o‘g‘il, qiz, qudalar qo‘shiladi. Voqeaning davomini aytishga hojat bo‘lmasa kerak.

Nizolashgan ko‘ngillar yaxshilik qilishdan, muruvvatdan uzoqlashadi. Qildan qiyiq axtarishga tushadi. Hayotimda nizolashgan tomonlardan hech birining baraka topganini ko‘rmadim.

Hozirgi nizolarning muayyan (aksariyati deyishga tilim bormayapti) qismi mol-mulk, meros bilan bog‘liq. Ana shu holatdan kelib chiqadigan nizolar ming taasuflar bo‘lsinki, shariatga ham, yangicha qonunlarga ham to‘g‘ri kelmasligi ochig‘i, yuragimni og‘ritadi. Qonunni biladigan ayrim “hojatbaror”larning tomonlarni kelishtirish o‘rniga manfaat evaziga ularni bir-biriga “gij-gij”lashi masalani chuvalashtirib yuboryapti. Bir metr yer yoki yo‘lakcha uchun aka-uka, ota-bolaning yillab sudlashib yurganiga uchta qishloqdan birida duch kelish mumkin. Qonunda hal qilinishi mumkin, ammo ko‘ngilda o‘rnashib qolgan nizo ularni shu kuyga solyapti.

Ko‘ngilda saqlangan nizoning xavfliligi shundaki, tarafkashga aylangan tomonlarning birortasiga yaxshilik qilsangiz ham ularning dushmaniga aylanasiz. Muqaddas dinimizda bunday nomaqbul holatlar qoralangan. Xususan, Navro‘zda, ro‘za oyida, Ramazon va Qurbon hayitlarida odamlar orasidagi bunday noxushliklarga barham berishga imkon yaratilgan. Gap ana shu qadriyatlar mohiyatini tushunib, ulardan oqilona foydalanishda.

To‘g‘ri, fuqarolik jamiyatining asosiy taomili har bir nizoni sud orqali yechish. Lekin bu holat hamma vaqt ham sudgacha borishi shartmikan? Unda milliy udumlar, o‘zaro hurmat, andisha qadri nima bo‘ladi?

Shu o‘rinda masalaning yani bir nozik tomoniga to‘xtalib o‘tamiz. U ham  bo‘lsa, jamoadagi nizolarga. Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, jamoada ikki xodimning kelishmay qolishi butun tashkilot ishiga, rahbar obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, bu xil holatlarni darhol oqilona bartaraf etmoq zarur.

Rim faylasufi Lutsiy Seneka “O‘z tenging bilan nizolashish xavfli, o‘zingdan yuqori bilan – nodonlik, o‘zingdan past bilan – haqoratli” degan ekan. Keling azizlar, Ramazon kunlarida barchamiz bunday noxush holatlardan o‘zimizni asraylik.

Farmon TOShEV.