Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus xastaligida to‘yib ovqatlanish kerakmi?

Koronavirus xastaligi kelib chiqishi bilanoq uni davolash, oldini olish borasida mutaxassis tavsiyalari berila boshlandi. Karantin qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarzini olib borish eng asosiy tavsiyalardan biri bo‘lib qolaverdi. Ammo keyinchalik tavsiyalar aholi orasida turli talqin etilib, to‘yimli ovqatlanish juda muhim ekanligi haqidagi qarashlar paydo bo‘ldi. Umuman, aholi orasidagi bu fikrlar qay darajada asosli? To‘yimli ovqatlanish deganda nima tushuniladi? Koronavirusga chalingan yoki undan davolangan kishilar qanday ovqatlanishi kerak? Keling, shu haqda fikr yuritaylik.

Shakar iste’molini kamaytirish - ilk qoida

Koronavirus xastaligi davri uch bosqichga bo‘linadi, uning har bir davrida ovqatlanishning o‘z tartib-qoidasi bor. Misol uchun, virusga chalingan ilk davrda kishi holsizlanib, harorati ko‘tariladi. O‘zida darmonsizlik his qiladi. Bu paytda bemor ko‘proq suyuqlik ichishi shart. Suyuqlik deganda faqat suvni emas, meva sharbatlari, o‘tli damlamalarni tushunish kerak. Na’matak, zubturum kabi giyohli damlamalarni ichib borish foydali. Iloji boricha meva qaynatmalarini shakarsiz ichgan ma’qul. Sababi, ko‘pchilik quvvat bo‘ladi, deya shakar, novvotli choy ichishni ko‘paytiradi. Aslida shakar iste’moli miqdorini keskin oshirish qondagi qand miqdori ko‘payishiga, oshqozon osti bezi faoliyatining zo‘riqishiga olib keladi. Barchaning xabari bor, qand xastaligi bor insonlar ushbu virus bilan kurashishi qiyin kechmoqda. Shu nuqtai nazardan ham bu paytda shakar iste’molini kamaytirishni tavsiya etgan bo‘lardim. O‘rniga tabiiy asal, shinni kabi mahsulotlardan me’yorida foydalangan ma’qul.

Kuchsiz organizmni kuchli taom bilan qiynamang

Kasallik yuqishining ilk davrida kishida ishtaha pasayadi, odam ko‘p suyuqlik ajratadi. Yuqorida aytilgan ichimliklarni doimiy ichib borish, ichganda ham birdan yarim litr suyuqlikni emas, balki har o‘n daqiqada ho‘plab ichish tavsiya etiladi. Taomlarga keladigan bo‘lsak, bu paytda ishtaha pastligi uchun iloji boricha ko‘proq suyuq ovqatlar, ishtaha ochish uchun ko‘katlar, meva-sabzavotlarni iste’mol qilish kerak.

Keyingi paytlarda ko‘pchilikda koronavirus ich ketish bilan ham kuzatilyapti. Bu paytda, ayniqsa, ko‘p suyuqlik iste’moli muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ushbu holatda ham suyuq taomlar iste’mol qilish kerak. Qovurilgan taomlarni yemay turgan ma’qul. Ovqat miqdorini emas, sonini oshirish mumkin. Kam-kamdan iste’mol qilingan ovqat oshqozonga og‘irlik qilmaydi, kishiga quvvat bo‘ladi. Ko‘pchilik hozirgi paytda virus bilan xastalanganlar kuchli taom yeyishlari kerak, deya hazmi og‘ir ovqatlarni tanovul  qilishga o‘tgan. Bu noto‘g‘ri qarash. Avvalo, og‘ir ovqatlar virusga chalingan odamni toliqtirib qo‘yishi mumkin. Qovurilgan, dudlangan taomlarni hazm qilishning o‘zi kishidan katta energiya talab qiladi. Darmonsiz yotgan inson bu holatda kuchli ovqatlanishining o‘zi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Kasallikning ilk va keyingi, o‘pkaga o‘tish bosqichida ko‘proq yengil hazmli, qaynatilgan taomlar, sho‘rva, dimlama iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Go‘sht qiymasi, parranda, baliq go‘shtini parhezbop tarzda pishirilgan holda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Baribir ko‘proq sabzavotli taomlardan yeyish kerak. Ayni hozirgi faslda qovoq, sholg‘om, sabzi, kartoshka, karam, ko‘katlar kabi mahsulotlar solingan taomlar organizmni zo‘riqtirmaydi, vitaminlar bilan to‘yinishiga yordam beradi. Ushbu mahsulotlardan tayyorlangan salatlar ovqatlanishda doimiy bo‘lishi ishtahani ochish, hazm qilishda yordam beradi. O‘simlik mahsulotlariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim.

O‘simlik mahsulotlari - energiya manbai

Mevalarni iloji boricha asosiy ovqatlanish paytida emas, balki undan avval tanovul qilish kerak. Har kuni 300-400 gramm meva iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, bu paytda tabiiy sharbatlar ham ichish tavsiya etiladi. Sabzi, lavlagi aralashmasidan iborat va boshqa sharbatlar immun tizimini mustahkamlashga yordam beradi. Ammo ich ketish bilan bog‘liq kechayotgan xastalikda meva va sabzavotlar iste’molini cheklash, ularni xomligicha iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

Tuzalish davriga kelgach esa ovqatlanish tartibini o‘zgartirmaslik kerak. Bu paytda ham hali yuqoridagi tavsiyalarga amal qilish lozim. Faqat ovqat miqdorini ko‘paytirish mumkin. Ammo birdan organizmni zo‘riqtiradigan taomlar iste’moliga o‘tish yaramaydi. Asta-sekinlik bilan ikki oy davomida parhezbop, meva-sabzavotga boy taomnomaga amal qilib turish tavsiya etiladi. Taomnomani keskin o‘zgartirish oshqozon-ichak yo‘llarida turli xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

O‘simlik mahsulotlari - energiya manbai, shuni unutmaslik kerak. Darmonsizlikni bemalol ulardagi uglevodlar bilan qoplash mumkin.

Saydulla RASULOV,

tibbiyot fanlari doktori.