Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirusga chalingan 4 nafar bemorning ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasida koronavirus bilan kasallanganlar soni 2020 yil 25 mart ertalab soat 9:00 holatida 55 nafarni tashkil etdi.

– Ushbu bemorlarning barchasi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolash muolajalarini olmoqda. Mazkur institut rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi daqiqalarda 13 nafar bemorda o‘pka yallig‘lanishi – pnevmoniya alomatlari kuzatilyapti. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda. Ular intensiv-terapiya muolajalari olmoqda, - deya ma’lum qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davolash profilaktika muassasalarida, profilaktoriyalarida, sanatoriyalarida tashkil etilgan maxsus izolyatorlarda hammasi bo‘lib 20 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlarini o‘tayapti. Ular tibbiy kuzatuvga olingan.

Hurmatli fuqarolar!

Doka niqoblardan foydalanish, odamlar bilan muloqotda bo‘lganda masofani ushlash kerakligini qayta-qayta eslatyapmiz. Shunga qaramay, doka niqoblarni taqishga yuzaki qarash, bu niqoblarni taqish qoidalariga rioya qilmaslik, shunchaki, bo‘yniga, og‘ziga yoki iyagiga ilib qo‘yish holatlari uchrayapti. Kasallanish soni ortib borayotganini ko‘rib turibsiz. Qachonki, virus bir odamdan ikkinchi odamga yuqishi davom etarkan uning kasallik chaqirish qobiliyati ortib boradi. Kasallikni keyin yuqtirib olgan bemorda og‘ir kechishi, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkinligini zinhor yoddan chiqarmang.

Bugundan boshlab, doka niqoblarni, himoya vositalarini taqmaganlarga nisbatan jazo qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan. Har biringiz o‘z salomatligingiz, oilangiz, yaqinlaringiz salomatligi uchun mas’ul ekaningizni, qolaversa, respublikada epidemik vaziyatni barqaror ushlash bo‘yicha ham har biringiz mas’ul ekaningizni yana bir bor eslatib o‘tamiz. Shuni unutmangki, bu kasallikdan hech kim kafolatlangan emas. Har birimiz kasallikka chalinish ehtimoli borligini yodda tuting va ehtiyotingizni qiling!