Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirusga qarshi emlash haqida yolg‘onlarga ishonmang!

Yaqin kunlarda barcha mamlakatlarda singari O‘zbekistonda ham aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari olib boriladi. Ammo emlash ishlari yaqinlashgani sayin ijtimoiy tarmoqlar, aholi orasida turli mish-mish va yolg‘on xabarlar tarqalishi avj olmoqda.

Vaksinaga nisbatan ishonchsizlik, uning tarkibi, inson organizmiga turli ta’sirlari kabi qator mish-mishlar bugun internet sahifalarida tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Xo‘sh, aslida qanday?

“COVID-19” pandemiyasi va koronavirusga qarshi emlash haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar, turli mish-mishlarning oldini olish maqsadida YuNICYeF Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida Samarqand hamda Qashqadaryo viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari uchun seminar tashkil etdi. Seminarda mamlakatimizda vaksinatsiya jarayonlari qay tarzda amalga oshishi, ushbu jarayonni yoritishda jurnalistlar ahamiyat qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z bordi.

-  COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga “AstraZenaca” vaksinasining avvaliga 2 640 000 donasi yetkazib beriladi, butun mamlakat bo‘ylab emlashni amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari esa allaqachon boshlab yuborilgan, jumladan, vaksina transportirovkasi va ularni saqlash uchun "sovuqlik zanjiri" barpo etildi, - deydi respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakili Nasiba Toirova. - Emlash jarayonlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan xodimlar xavfsiz immunizatsiya bo‘yicha qo‘shimcha kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Shu jumladan, 8 ming nafar vaksinator, 10 ming nafar umumiy amaliyot va oilaviy shifokor, 296 nafar immunolog, 694 nafar epidemiolog, 858 nafar reanimatolog, 692 nafar infeksionist hamda 33 433 nafar patronaj hamshira tayyorgarlikdan o‘tishni boshladi.

Birinchi navbatda mamlakatimizda 65 yoshdan oshganlar, tibbiyot xodimlari, surunkali xastaliklari bor aholi, ta’lim tizimi xodimlari, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida koronavirusga qarshi emlash ishlari amalga oshiriladi. Shundan so‘ng aholining barcha qatlami bosqichma-bosqich tarzda emlanadi. Aytish kerakki, ayni paytda birlamchi tibbiyot xodimlari tomonidan aholini to‘liq xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Ushbu jarayonda ularning salomatligi, yoshi bilan bog‘liq ma’lumotlar elektron bazasi shakllantiriladi. Emlangan fuqarolarning vaksina olganligi haqidagi ma’lumotlar ham shu bazada qayd etiladi.

Seminar davomida O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi trenerlari Nargis Qosimova, Anora Sodiqovalar tomonidan ushbu mavzuni yoritishda jurnalistika etikasi, qoidalari haqida mashg‘ulot o‘tildi.

Gulruh Mo‘minova.