Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish bo‘yicha Samarqandda ham barcha choralar ko‘rilgan

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus xastaligi O‘zbekistonga ham kirib kelganligi, ogoh bo‘lish lozimligi bo‘yicha fikrlar tarqalmoqda. Bu bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rasmiy axborotlar tarqatilgan bo‘lsa-da, hamon mish-mishlar bosilgani yo‘q.

Samarqandda mazkur masalada olib borilayotgan ishlar xususida so‘rash maqsadida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori o‘rinbosari Ibrohim Abloqulovning fikrlarini bildik.

- Xitoy Xalq Respublikasi Uxan shahrida yuzaga kelgan koronavirusning yangi epidemiyasi yuzasidan kuni kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan seminarda ishtirok etdim. Seminarda sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi, favqulodda vaziyatlar, bojxona tizimi xodimlari ishtirok etdi. Aytish kerakki, ayni paytga qadar mamlakatimizning chegaradosh respublikalari o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida, xalqaro aeroport, temiryo‘l vokzallarida sanitar nazorat punktlari tashkil etilgan. Mamlakatga kirib kelayotgan har bir fuqaro maxsus tekshiruvdan o‘tkazilayotir. Xususan, Samarqanddagi xalqaro aeroport, temiryo‘l vokzali hamda “Jartepa” nazorat-o‘tkazish punktida ham shtablar tashkil etilib, ular tegishli mutaxassis va asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Shu paytga qadar xastalik bilan keluvchilar qayd etilmagan. 

Qolaversa, Toshkentda o‘tkazilgan seminarda yaqin kunlarda tegishli idoralar mutaxassislari mazkur kasallik alomatlari va uning oldini olish choralari bo‘yicha maxsus o‘quvdan o‘tishi xususida ham aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 25 yanvar holatiga ko‘ra, koronavirusli pnevmoniyadan vafot etganlar soni 41 nafarga, kasallanganlar esa 1287 nafarga yetdi. Yana 1965 kishi kasallangan, degan gumon bilan shifokorlar nazoratida. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Shuningdek, kasallik Tailand, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda aniqlangan. Uxan shahrida o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, ayrim kasallangan bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari savdo bozorlarida ishlaganligi ma’lum bo‘lgan.