Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln. 282 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazilgan

Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi yalpi majlis oldidan bo‘lib o‘tgan majlisida ta’kidlandi.

Xususan, mahalliy Kengashlarning qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan mazkur majlisda senatorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, respublikamizda korrupsion jinoyatlarga qarshi olib borilgan faol ishlar natijasida 2021 yilda respublika bo‘yicha 3 769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishi sudlarga yuborilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln 282 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 3 baravarga oshgan.

Aksariyat korrupsiyaga oid jinoyatlar Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda bank tizimi tashkilotlariga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahri, Surxondaryo, Navoiy, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng yomon ko‘rsatkichlar qayd etilganligi tanqid qilindi.

Senatorlar tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I yarim yilligi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Jumladan, Hisobotni ko‘rib chiqish jarayonida aytilganidek, Davlat byudjetining jami xarajatlari 103,0 trln yetganligi, amalga oshirilgan jami xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga ortgan.