Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Korrupsiyaga qarshi kurashishda mahallaning o‘rni qanday?

Samarqand shahridagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabida fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha eng faol fuqarolar yig‘ini” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi hamda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaralarini o‘z ichiga olgan taqdimot, mavzuga doir savol-javob hamda ijodiy chiqish kabi 3 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Paxtachi tumanidagi Amir Temur mahallasi raisi Nodira Rayimqulova egalladi. 2-o‘ringa Samarqand shahridagi Mirzo Bedil mahallasi raisi Ulug‘murod Tojiboyev sazovor bo‘ldi. 3-o‘rinni esa Kattaqo‘rg‘on shahridagi Damariq mahallasi raisi Rustam Vohidov hamda Bulung‘ur tumanidagi Beshqo‘ton mahallasi raisi Gulsum Asqarova qo‘lga kiritdi.

- Tanlovda g‘olib bo‘lganim menga katta mas’uliyat yukladi, - dedi tanlov g‘olibi  N.Raimqulova. – Endi tanlovning Respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilaman. Bu tanlov fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

To‘lqin SIDDIQOV.