Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kushxonaning qassobxonadan farqi nimada?

Go‘sht asosiy kundalik iste’mol mahsulotlarimizdan hisoblanadi. Ammo mahsulot xarid qilamiz-u uning sifati, qayerda so‘yilgani, veterinar ko‘rigidan o‘tkazilgani bilan qiziqmaymiz. Hamma gap shunda.

Samarqand viloyati hokimining 2018 yil 14 noyabrdagi “Viloyat aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish hamda go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish va sotishda veterinariya va sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 maydagi “Ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste’mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham tizimda sifat samaradorligini oshirish nazarda tutilgan. Mazkur qarorlar bilan go‘shtni iste’molga chiqarish uchun kushxonalarni zamonaviy asboblar bilan jihozlash, chorva mollarini veterinariya-sanitariya talablariga rioya qilgan holda kushxonalarda so‘yish talablari belgilangan.

Viloyatda nechta kushxona bor?

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatimizda 25 kushxona mavjud va ularning 11 tasi avtomatlashtirilgan tizimda ishlaydi. Bu ob’yektlarda kuniga o‘rtacha 200 boshga yaqin, yilning o‘tgan 9 oyida esa 38,5 mingdan ortiq chorva mollari so‘yilgan. Ya’ni kushxonalarda so‘yilgan chorva mollaridan kuniga o‘rtacha 34,8 tonna, yil boshidan esa 5 ming 629 tonna go‘sht iste’molga chiqarilgan.

- Hozirda faoliyat yuritayotgan 14 ta moslashtirilgan kushxonadan to‘rttasini yil yakunigacha avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan, - deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Toshmurodov. – Yana 6 ta moslashtirilgan kushxona 2020 yilning ikkinchi yarmida ana shunday tizimga o‘tkaziladi. Faoliyat yuritayotgan kushxonalarning barchasida malakali veterinariya vrachlari xizmat qilmoqda va ular chorva mollarini tekshirib, inson salomatligi uchun xavfli kasalliklar bo‘lmaganda so‘yish va iste’molga chiqarishni nazorat qilishmoqda.

Yuqorida aytganimizdek, viloyatdagi kushxonalardan yil boshidan buyon 5,6 ming tonna go‘sht iste’molga chiqarildi, ammo shu vaqtda viloyatimiz tumanlari, olis qishloqlardagi go‘shtxonalarda qancha go‘sht sotildi va iste’molga chiqarilgan mahsulotning qanchasi kushxonalarda so‘yilgan? Bu savollar mavhum qolmoqda.

Misol uchun, Past Darg‘om tumanida 325,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.  Ular tasarrufida 171 mingdan ortiq yirik shoxli va 169 mingga yaqin mayda shoxli qoramol, 74 ta go‘sht do‘koni bor. Tumandagi 1 ta avtomatlashtirilgan va 3 ta moslashtirilgan kushxonada kuniga o‘rtacha 20 ta (9 oyda 3280 ta) chorva moli so‘yilib, 2,5 tonnaga yaqin (9 oyda 667,9 tonna) go‘sht mahsuloti iste’molga chiqarildi. Ko‘rsatilgan veterinariya xizmati uchun bir bosh qoramolga 10 ming 136 so‘m, yil boshidan esa 6 million 81,6 ming so‘m tushum qilingan.

Chorva mollari kasalligi ko‘z bilan tekshiriladimi?

Tumandagi “Past Darg‘om avtoservis kushxona” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli moslashtirilgan kushxona 2018 yilda faoliyat boshlagan. Bu yerda kuniga 10-12 ta chorva moli so‘yiladi va yirik shoxli chorva moli uchun 30 ming so‘m, mayda shoxli chorva uchun 8 ming so‘mdan haq olinadi. “Past Darg‘om meva-sabzavot dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tutash hududda joylashgan kushxona bozordagi 13 ta go‘sht rastasi, tuman markazidagi mahallalar va tumanning Go‘zalkent hududidagi go‘sht do‘konlariga xizmat ko‘rsatadi. Ammo 4 kishi mehnat qiladigan kushxonadan badbo‘y hid taralmoqda. Kushxonada bugundan veterinar vrach sifatida ish boshlaganini bildirgan O‘rol To‘xtashevda chorva mollari salomatligini tekshirish uchun birorta uskuna yo‘q ekan. Axir kushxonada so‘yilayotgan chorva molida salomatlikka xavf soluvchi kasallik yo‘qligi tekshirilmasa uning odatiy qassobxonadan nima farqi bor? So‘yishga keltirilgan chorva molini kasalligi ko‘z bilan aniqlanmaydi-ku. Ishchilarning ish kiyimlari ham antisanitariya holatida.

Go‘shtni olib ketishga texnika yo‘q

Joylarda kushxona tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlardan yana biri bu yerda chorva mollari keltirish va undan keyin go‘shtni olib ketish uchun alohida texnika xizmati yo‘lga qo‘yilishi edi. Afsuski, kushxonada bunday xizmatlar yo‘q. 20-30 kilometr olisda joylashgan go‘sht sotuvchilar bu yerga chorva molini olib kelib go‘shtni olib ketishi ancha mablag‘ va vaqt sarflaydi.  Ammo bu yerdagi sifat talabga javob bermasa bunday kushxonalardan nima naf? Sifatsiz xizmatga shuncha ovoragarchilik va mablag‘ sarflansa yashirin qassobxonalar qanday bartaraf etiladi? 

Ish boshqaruvchi Otabek Qurbonovning aytishicha, ifloslangan suvni olib ketish uchun “Toza hudud” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzilgan. Yil yakunigacha Rossiyadan zamonaviy jihozlar keltirilib o‘rnatiladi va buning natijasida kuniga 40-50 tagacha chorva molini so‘yish imkoniyati yaratiladi.

Keyingi manzilimiz tumanning Iskandari mahallasida joylashgan “Ideal Soliha” oilaviy korxonasiga qarashli kushxona bo‘ldi. Tashabbuskorning 250 million so‘m mablag‘i hisobidan 2019 yil aprelida ish boshlagan kushxonada kuniga o‘rtacha 5 ta chorva moli so‘yiladi va 30 mingdan 50 ming so‘mgacha xizmat haqi olinadi. Bu yerda ham yil yakunigacha zamonaviy uskuna keltirish rejalashtirilgan, ammo texnika xizmati yo‘q. 

- Sog‘lom qoramol ko‘rinishidan ma’lum bo‘ladi, shunda ham biz so‘yishga keltirilgan chorva molini avval 15-20 daqiqa sovutamiz, issig‘ini o‘lchaymiz, - deydi kushxona veterinariya vrachi O‘ktam Karimov. – Natijalarni tahlil qilib, so‘yishga ruxsat beramiz. Buning uchun 10 300 so‘m veterinaya xizmati va 39 700 so‘m so‘yish xizmatiga haq olinadi.

Kushxona vrachi xonasida termometr, mikroskop va bir nechta dorilar bor, ammo go‘shtni saqlash uchun sharoit yo‘q.

“Qushxona”mi kushxona?

Shu mahallada joylashgan “Amirjon Saidafzal” fermer xo‘jaligiga qarashli kushxona tashabbuskorning 500 million so‘m o‘z mablag‘i hisobidan joriy yilning fevral oyida ish boshlagan. Kuniga o‘rtacha 2-3 bosh chorva moli so‘yilib, 30-50 ming so‘m xizmat haqi olinadi. Lekin bu yerda ham texnika xizmati ko‘rsatilmaydi. Masofa yaqin bo‘lganligi uchun ikkita kushxonada bitta veterinariya vrachi ishlar ekan. Bunisiyam mayli, lekin vrachning xonasiga kirganimizda birorta veterinariya uskunasini, so‘yilgan chorva moli uchun beriladigan maxsus ma’lumotnoma (guvohnoma) hujjatlarini ko‘rmadik. So‘raganimizda, O‘.Karimov “Masofa yaqin, mijoz kelib qolsa, borib olib kelaveraman-da”, deb qo‘ya qoldi. Mavridi kelganda yana bir jihatga to‘xtalsak. Biz ko‘rgan uchta kushxonaning peshtoqiga “Qushxona”, deb yozilgan. Ular “Qushxona” va kushxona tamomila ayro ma’nodagi so‘zlar ekanini bilmasmikan?

Ko‘zdan kechirgan kushxonalarimizning birortasida so‘yiladigan chorva molini kasalliklarga qarshi emlanganligi, sog‘lomligini tekshiradigan uskuna yo‘q. Agar chorva moli so‘yilgandan keyin biror kasallik, aniqlansa tuman markazidagi laboratoriyadan mutaxassis chaqirtirilar ekan. Birinchidan, kushxonalarning aksariyatida go‘sht saqlash uchun sovutkich yo‘q, yuqorida aytilgan mutaxassislar kelguncha go‘shtning sifati buzilib, kasallik chorva chiqindilari bilan atrofga tarqab ketmaydimi? Bundan tashqari, foyda ko‘rish ilinjida sotib olgan chorvadan kasallik chiqsa, qassob zarar ko‘rsa ham bunday mahsulotni iste’molga chiqarmasligiga ishonish qiyin. Kushxonalarda ko‘rsatilayotgan xizmat sifati talab darajasida emas, yana qo‘shimcha mablag‘ sarflanadi. Agar sotuvdagi go‘sht qaysidir kushxonada so‘yilganligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa kushxonalarning odatiy qassobxonalardan farqi nimada?

Adham HAYITOV,

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 

Baxtiyor MUSTANOV (foto).