Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tegirmonboshidagi eski masjid endi boy kitob fondiga ega kutubxona

Ilm bor joyda kitob ko‘payadi. Kitob bor joyda ilm rivojlanadi. Kitoblar va ularga bo‘lgan munosabat o‘sha jamiyat a’zolarining ilmiga bo‘lgan munosabatining o‘lchovi bo‘lib kelgan. Bugun nurobodlik yoshlarning hayotida bu o‘z aksini topyapti.

2018 yil tumanning Tegirmonboshi mahallasida 100 yil avval qurilgan eski masjid binosi ta’mirlanib, yoshlar kutubxonasiga aylantirilgan edi. Bu xayrli ishga shu yerlik keksa onaxon Adolat Tog‘ayeva bosh bo‘ldi. Bugun ushbu ziyo maskani kitobxonlarning sevimli manziliga aylangan.

- Kutubxonamizda tuman hokimligi, yoshlar ishlari agentligi hamda homiylar tomonidan taqdim qilingan 2 mingdan ko‘proq kitob bor edi, - deydi kutubxonachi Oliya Yoqubova. - Bir oy avval viloyat hokimi qo‘shni Omondara mahallasiga kelganda, faoliyatimiz bilan ham tanishdi. Qishloq yoshlarining kelajagi uchun qilingan xayrli ishimizni e’tirof etib, 5 mingta kitob sovg‘a qilishni va’da berdi. Tez fursatda ushbu badiiy adabiyotlar kitob javonlari bilan birga keltirildi.

Kutubxonaga Tegirmonboshi, Jom va Omondara mahallalaridan kitobsevarlar keladi. E’tiborlisi, bu yerdagi 20 o‘rin doim maktab o‘quvchilari va yoshi katta kitobxonlar bilan band.

- Kitobxonlarimiz asosan o‘quvchilar, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, - deydi Oliya opa. – Fondimizning turli mavzulardagi adabiyotlar bilan boyishi kitobxonlarning ko‘payishiga turtki bo‘ldi. Ammo qishda ular biroz kamayadi. Sababi, binoning isitish tizimi yo‘q. Bu muammo tuman hokimligi tomonidan bartaraf etiladigan bo‘ldi. Tumanimiz hokimi o‘quv zalini qishda isitish, yozda salqinlatish uchun konditsioner o‘rnatib berilishini aytdi.

Kutubxona shinam va ozoda. O‘quvchilar kitoblarni javondan o‘zlari olib o‘qishyapti. Kerakli kitobni oson topish uchun mavzuli ko‘rsatkichlar qo‘yilgan. Maktab o‘quvchilari darsdan bo‘sh vaqtini shu yerda mazmunli o‘tkazyapti. Yozgi ta’tilda ham ularning borar manzili shu.

- Maktabda darslar tugashi bilan kutubxonaga kelaman, - deydi 21-maktab o‘quvchisi Mahliyo Vafoqulova. – Yurtimiz tarixini bilishga qiziqaman. Shu bois tarixiy adabiyotlarni ko‘p o‘qiyman. Bugun yozuvchi Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur” qissasini mutolaa qilyapman. Avval adabiyotlar kam edi. Hozir esa barcha mavzulardagi kitoblar mavjud. Bilim olishimiz uchun qishlog‘imizda bunday imkoniyat yaratilganidan minnatdormiz.

Kitob tafakkur, axloq va tarbiya manbai, uning inson kamoloti yo‘lida beqiyos o‘rni bor. Bu mo‘’jaz kutubxona ham nurobodlik yoshlarning kelajagida muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

Sulaymon Mardiyev,

To‘lqin Siddiqov.