Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kuzatuvchilar saylovchilar ovozi bilan qiziqishi mumkinmi?

Yana sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimizda Prezident saylovi o‘tkaziladi. Bu kunlarda kuzatuvchilar faoliyatini qay tartibda amalga oshiradi, nimalarga e’tibor qaratishi kerak?

Avvalo ta’kidlash kerak, siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.

Kuzatuvchilar saylov komissiyalarining majlislarida, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida qatnashishi mumkin. Shuningdek, ular saylov uchastkasida hozir bo‘lishi, tayyorgarlik ishlarining borishi, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatishi mumkin. 

Ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lishi, saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olishi man etilmaydi.

Kuzatuvchilarga taqiqlanadigan xatti-harakatlar esa quyidagilardan iborat:

- saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yo xonasida bo‘lish, fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, biror bir tashviqot materiali yo adabiyotini tarqatish mumkin emas;

- saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda yordam ko‘rsatish, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taqiqlanadi.

Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi kerak.

Nigora Suyarova,

7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi.