Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

9 oyda 68400 nafar ishchi legallashtirildi

Sodiq boboning yoshi 60 dan oshgan. Har oy tengdoshlari pensiya olayotganda ko‘ngli bir o‘ksiydi. Necha yillar turli ishlarni qildi. Oxirgi yillarda esa fermer xo‘jaligida suvchi bo‘lib mehnat qildi. Ammo huquqiy madaniyati yetishmasligi sababli mehnat daftarcha ochtirish hayoliga ham kelmabdi. To‘g‘ri ishiga yarasha maosh olgan. Ammo bu pullar “konvert” usulida berilgan xolos. Mana endi pensiya yoshida pensiyasiz qolib o‘tiribdi.

Bugun ham afsuski, bu kabi yurtdoshlarimiz uchrab turibdi. Ba’zi “uddaburon” tadbirkorlar soliqdan qochish maqsadida ishchilarini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishmaydi. Natijada soliq organlariga topshirilayotgan hisobotlarida ishchilar sonini kamaytirib ko‘rsatishadi. Tasavvur qiling, ulkan binoni 5-6 ta quruvchi qurishini yoki 100 gektarlik fermer xo‘jaligini faqat rais va hisobchi eplashini.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi hamda 4 pog‘onali stavkalarda undirib kelingan va maksimal stavkasi 22,5 foiz bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bir xil 12 foizga tushirildi.

Samarqand viloyati davlat soliq organlari, moliya, bank, bandlik va boshqa tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Soliq qonunchiligidagi yangiliklar tushuntirilmoqda. Ishchilarga qonuniy faoliyat yuritish orqali kelajakda pensiya olishlari va boshqa qonuniy ishlashning afzalliklari uqtirilmoqda.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovchilarini to‘liq qamrab olish maqsadida norasmiy ishlayotgan xodimlarni qonuniylashtirish (legallashtirish) borasida tizimli ishlar tashkillashtirildi. Buning uchun viloyatimizda joriy yilda 70510 nafar xodimlarni legalizatsiya qilish topshirig‘i berilgan edi. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, 68400 nafar ishchi-xodim tegishli buyruqlar asosida rasmiylashtirildi, 1853 yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanma xodim ro‘yxatdan o‘tkazildi va byudjetga qo‘shimcha 4,7 milliard so‘m soliq hisoblandi.

Ishchi-xodimlarining haqiqiy sonini hisobotda ko‘rsatmayotgan sohalar ham mavjud. Jumladan, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 5 ming 718 nafar, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda 14 ming 139 nafar, qurilish korxonalarida 6 ming 573 nafar xodim rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va boshqa korxonalarda 41 ming 970 nafar ishchi-xodim rasmiylashtirilganini qayd etish lozim.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.