Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Loqayd shifokor ozodlikdan mahrum etildi, urgutlik ayol boshqa farzand ko‘rolmaydigan bo‘ldi

Urgutda shifokor Gippokrat qasamyodini buzdi. Kasbiga nisbatan beparvo va mas’uliyatsizligi tufayli u tug‘uruq majmuasiga keltirilgan homilador ayolni tibbiy tekshiruvlardan o‘z vaqtida o‘tkazmadi, aniq tashxis qo‘yishga shoshilmadi, kerakli jarrohlik amaliyotini amalga oshirmadi.

Ajal bilan olishayotgan onaga esa, ancha kech — faqat so‘nggi daqiqalarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Shu tariqa uning hayoti saqlab qolindi, ammo mitti chaqaloq hali dunyo yuzini ko‘rmay umri zavol topdi.

O‘sha kun Nodira (ism-familiyalar o‘zgartirildi) belida kuchli og‘riq turgach, bu haqda qaynonasiga aytadi. O‘g‘iloy opa darhol "Tez tibbiy yordam"ga qo‘ng‘iroq qiladi. Bu paytda soat millari kech to‘qqizni ko‘rsatayotgandi. "Tez tibbiy yordam" yetib kelgach, navbatchi shifokor ayolning qon bosimini o‘lchab, ahvoli yaxshi ekanligini aytadi va uni tug‘uruq majmuasiga olib ketishadi.

Shifoxonaning qabul bo‘limida navbatchi shifokor ham yangi mehmon kutayotgan Nodirani obdon tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. So‘ngra ikki sanitar xodimga ayolni ikkinchi qavatga — tug‘uruq zaliga olib chiqishni buyuradi.

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan navbatchilik ro‘yxatiga ko‘ra, o‘sha kuni birinchi navbatchi vrach sifatida tug‘uruq majmuasi akusher-ginekologi Shukur Nizomov ishlayotgan edi.

Nodirani tug‘ruq zaliga chiqarishgach, ayolda og‘riq battar kuchayadi. Soat yigirma uch-u qirqlarda tug‘uruq doyasi uni tekshirib ko‘radi-da, o‘z bilimi va tajribasi asosida maslahat beradi. Ammo Nodiraning ahvoli yengil tortmagach, doya N.Eshmamatova hamshira Muazzam opani yordamga chaqiradi. Muazzam opa Nodiraning yoniga kelib, qornining yuqori qismidan pastga qarata qo‘li bilan itaradi. Bundan ham biron-bir natija bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ular og‘riqning zo‘ridan qora ter bosib ketgan ayolga yurib ko‘rishni tavsiya qilishadi.

Yura boshlagach, Nodiraning ahvoli yaxshi tomonga o‘nglanish o‘rniga oshqozonida qattiq og‘riq qo‘zg‘aladi. Ustiga-ustak, uning yuragi siqilib, bezovtaligi kuchayadi. Egilib, emaklab qolgan kelinining ahvolini ko‘rgan O‘g‘iloy opa chidayolmaydi. Doya N.Eshmamatovadan tezda vrachni chaqirib kelishni so‘raydi.

Shukur Nizomov bemorni tekshirib, oshqozondagi og‘riq tug‘uruq bilan bog‘liqligi, tug‘uruqdan keyin o‘tib ketishini aytadi. Dard kelmagani uchun Nodira qanchalik harakat qilmasin, yengillasholmaydi. Soat uch-u o‘ttizlarda tug‘uruq doyasi uchinchi navbatchi shifokor, akusher-ginekolog Dilfuza Fozilovani chaqirishiga to‘g‘ri keladi. Afsuski, D.Fozilova kelgandan so‘ng ham ikki dunyo orasida omonat turgan ayol tabiiy yo‘l bilan farzandini dunyoga keltirolmaydi.

Bemorni qabul qilib, javobgarlik zimmasida turgan Shukur Nizomov esa, tug‘uruq zalida ertalab soat beshlarda paydo bo‘ladi. U azob chekayotgan ayolning ahvolini ko‘rib, "Harakat qil, bolangni qiynayapsan" deydi, xolos. Bemorning ahvoli esa, tobora og‘irlashayotgandi. Shundan so‘ng UZI shifokorini chaqirishga majbur bo‘lishadi. Mutaxassis shifokor ona qornidan yorug‘ dunyoga intilayotgan mitti organizmning yurak urishi juda sust ekanini aytadi...

Sudda ish mazmunan ko‘rish jarayonida jabrlanuvchi, guvohlar hamda ekspertiza byurosi mutaxassislarining ko‘rsatmalari eshitildi, ekspertiza xulosalari chuqur o‘rganildi.

Guvoh, akusher-ginekolog D.Fozilovaning sudda ko‘rsatma berishicha, shifokor Sh.Nizomov soat oltiyu yigirmalarda unga qo‘ng‘iroq qilgan va N.Nosirovani operatsiya qilish lozimligini aytgan. Kesar-kesish jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan. Ammo chaqaloqda antinotal o‘lim kuzatilgan.

Sudda so‘ralgan guvoh Sh.Nazarqulovaning ko‘rsatmasiga qaraganda, u tug‘uruq majmuasi neontolog vrachi sifatida Kesar-kesish operatsiyasida ishtirok etgan. Operatsiyadan oldin shaxsan o‘zi "Stetoskop" apparati yordamida tekshirganda najot kutayotgan mitti insonning yurak urishi eshitilmagan.

Samarqand viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining Ј-37-sonli komissiyaviy ekspertiza xulosasida tuman tug‘uruq majmuasi akusher-ginekologi Sh.Nizomov tomonidan N.Nosirovaga amaldagi milliy standartga mos ravishda tekshiruvlar to‘liq hajmda, o‘z vaqtida o‘tkazilmagani, aniq tashxis qo‘yilmagani chaqaloqning vafot etishiga sabab bo‘lgani qayd etilgan.

Sudda viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi "Qayta, komission va kompleks ekspertizalar" bo‘limi mudiri lavozimida ishlovchi guvoh E.Abdumutalovning ham ko‘rsatmasi eshitildi. Uning aytishicha, N.Nosirovaga to‘g‘ri tashxis qo‘yilmagan, zarur tibbiy tekshiruvlar to‘liq o‘tkazilmagan, laboratoriya va UTT tekshiruvlari vaqtida bajarilmagan, terapevt ko‘rigi o‘tkazilmagan.

"Me’yorida joylashgan yo‘ldoshning qisman o‘tkir ko‘chishi" tashxisi ertalab soat oltiyu yigirmada qo‘yilgan. Shu zahotiyoq shoshilinch ravishda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, lekin bu amaliyot oradan qirq daqiqa o‘tib, bajarilgan. Chaqaloqqa shoshilinch reanimatsion yordam ko‘rsatilmagan. Oqibatda...

Sudda jabrlanuvchi N.Nosirova o‘z kasbini suiiste’mol qilgan vrachning e’tiborsizligi, loqaydligi yuragida bir umrlik tuzalmas jarohat qoldirganini kuyinib gapirdi. U bir nafar qizi borligi, tug‘ilajak farzandi esa, kutganidek o‘g‘il bo‘lgani, endi — jarrohlik amaliyotidan so‘ng farzand ko‘rolmasligini aytib, aybdor Sh.Nizomovga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlashni so‘radi.

Sud sudlanuvchi Sh.Nizomovni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, uch yil tibbiyot muassasalarida akusher-ginekolog shifokor vazifasida, shuningdek, mansabdor, moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etib, ikki yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Sh.Nizomovga nisbatan qo‘llanilgan "munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat" ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan qamoqqa olindi.

Endi mavzu doirasida ikki og‘iz fikr yuritsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Oz emas, sohada o‘ttiz to‘rt yillik ish tajribasiga ega, oilali, besh farzandning otasi Shukur Nizomov o‘z vazifasiga loqaydligi, kasbiga insofsizlarcha munosabati tufayli oltmish yoshda temir panjara ortiga ravona bo‘ldi.

Albatta, jinoyatga jazo muqarrar. Payt kelib, u bu jazoni o‘tab, qamoqdan chiqadi, biroq bir umr tark etmaydigan vijdon azobiga qanday chidarkin?!

Jahongir ARSLANOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudining raisi.