Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Lukoyl“ xodimi holat atayin uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi

Shu kunlarda “Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJ rahbar-xodimi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan Jarquduq majmuasi ishchilari sha’niga haqoratli so‘zlar aytayotgani muhrlangan videolavha tarqaldi.

Videolavhaga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda turli munosabatlar ko‘paymoqda. Haqoratlarga kerakli chora ko‘rish borasida “Adolat“ SDP hamda “Yuksalish“ umummilliy harakati tomonidan ham munosabat bildirildi.

“Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJ rahbar-xodimining nomaqbul harakatini kompaniya vakili O‘zA muxbiriga qisqacha izohlab berdi.

“Kompaniyamizda yuz bergan ushbu hodisadan xabardormiz. Ayni damda bu ish yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari o‘rganilgach, chora ko‘riladi va bu haqda kompaniyamiz bayonot beradi”, dedi ism-sharifini sir tutgan matbuot xizmati xodimasi.

"Videolavhada haqoratlanganlar va haqoratlayotgan shaxs ma’lum bo‘lishiga qaramay, nima uchun qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilmoqda", degan savolga esa matbuot xizmati vakilasi quyidagi javobni berdi:

“Videolavhada hammasi aniq, ravshan bo‘lsa-da, xodimimiz uni qay holatda aytganini aniqlashimiz kerak bo‘ladi. Balki, bu atayin uyushtirilgan bo‘lishi mumkin”, dedi matbuot xizmati xodimasi.