M-39, joningga balli!

Tun, kechasi soat 1.00, M-39 yo‘li... Saratonning kunduzgi issig‘idan so‘ng tungi mayin, salqin shabada kishiga orom beradi. Lekin avtomobil derazasini ochsangiz, shovqindan boshingiz aylanadi.

Kechki salqin ham tatimaydi. Avtomobillar qatnovi shunchalik ko‘payganki, ularning shovqini quloqni shang‘illatib yuborsa, qarama-qarshi tomondan kelayotgan avtomobil chiroqlarining o‘tkir yorug‘ligi ko‘zni charchatadi. Mashina rulini boshqarmasa-da, bu holat yo‘lovchini toliqtiradi.

Keyingi paytda katta trassalarda nafaqat kunduzi, balki tunda ham avtomobillar qatnovi keskin oshganini kuzatish mumkin. Ayniqsa, yuk avtomobillari qatnovining keskin ko‘payganini statistik ma’lumotlarsiz, bir kun M-39 yo‘lidan qatnasangiz his qilasiz.

Lekin shu o‘rinda statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tsak ziyon qilmaydi. Milliy statistika qo‘mitasining 2026 yil 1 aprel holatiga oid ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda aholiga tegishli transport vositalarining umumiy soni 4 million 903 mingtaga yetdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 344,6 mingtaga ko‘pdir. Avtoulovning mutlaq ko‘pchiligini, ya’ni 92,8 foizini yengil avtomobillar tashkil etadi. Xususan, aholi ixtiyorida 4 million 552 mingta yengil mashina mavjud.

Qolgan transport vositalari yuk avtomobillari (330,3 mingta), mikroavtobuslar (7,5 mingta), maxsus texnikalar (7,2 mingta) hamda avtobuslar (5,8 mingta) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Har o‘tganida yurak zirillaydi...

Yuk mashinalarining qatnovini kamaytirishning iloji yo‘q, albatta. Garchi har o‘tganda zirrillab, nafaqat quloqni, balki yengil avtomobillarni ham bir titratib qo‘yadigan bu yuk mashinalarining ko‘paygani iqtisod yaxshilanayotganini bildirsa-da, ...M-39 yo‘li shu normaga javob berarmikan? Ushbu trassada bir necha yildan beri doimiy ravishda asfaltlash ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Xo‘sh, yo‘l bu kabi og‘ir yuk mashinalari uchun qanchalik chidamli?

Biz aytmoqchi bo‘lgan asosiy masala boshqa tomonda. M-39 yo‘lining katta qismida daraxtlar yo‘q. Ehtimol, ilgari bu sezilmagandir, mashinalar qatnovi keskin oshgani bu zaruratni keltirib chiqarmoqda. Xo‘sh, katta yo‘l yoqalarida daraxt ekishning qanday afzalliklari bor, bu haqda batafsilroq to‘xtalsak.

 

 Ko‘p funksiyali bitta yechim

- Yo‘llar bo‘ylab daraxtlar ekilishi ekologik, funksional va estetik maqsadlarni birlashtiradi, - deydi Samarqand davlat universiteti professori, geografiya fanlari doktori Vahob Rafiqov. – Birinchi navbatda yo‘l chetidagi daraxtlar qor va qum ko‘chkilaridan shamol eroziyasidan himoya qiladi. Shuningdek, yashil nabotot avtomobillardan chiqayotgan karbonat angidrid, zararli chiqindilar (azot va oltingugurt oksidlari) va changni yutib, havoni tozalaydi. Ular, shuningdek, kislorod ajratib chiqaradi va havo sifatini yaxshilaydi.

Ayniqsa, ovoz izolyasiyasida daraxtlarning o‘rni muhim. Yashil maydonlar transport shovqinini kamaytiradi, haydovchilar va yaqin atrofdagi hududlar aholisi uchun yanada qulay sharoit yaratadi.

Yana bir jihati: yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Daraxtlar tabiiy to‘siqlar vazifasini bajaradi, transport vositalarining yo‘ldan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, quyosh nurlaridan himoya qiladi. Ular shuningdek, yo‘l chegaralarini vizual ravishda belgilaydi va haydovchilarga yo‘lni topishga yordam beradi.

Qolaversa, yashil xiyobonlar yoqimli vizual ko‘rinish yaratadi, haydovchilar uchun stressni kamaytiradi va issiq havoda soyani ta’minlaydi, asfaltning qizib ketishini kamaytiradi. Bir so‘z bilan aytganda, yo‘llar bo‘ylab daraxt ekish atrof-muhitni, xavfsizlik va qulaylikni yaxshilashga qaratilgan ko‘p funksiyali yechimdir.

Daraxt ekish haqida gap ketar ekan, yana bir muhim hududlarni ham aytib o‘tish joiz. Ya’ni, O‘zbekistondagi 196 ming kilometrli kanal bo‘ylariga ham ming afsuski, daraxt ekilmagan. Atigi 4 foizigina talabga javob beradi. Vaholanki, buning ekologiyaga ko‘plab ijobiy ta’sirlari bor. Misol uchun, daraxtlarning baquvvat ildiz tizimi tuproqni mahkam tutib turadi, natijada qirg‘oq o‘pirilishining oldi olinadi. Ekin maydonlarini shamol ta’siridan himoya qiluvchi yashil to‘siq vazifasini bajaradi. Suv sifatini asraydi, ya’ni daraxtlar suvga tushadigan quyosh nurini kamaytirib, suvning haddan tashqari qizib ketishi va tez bug‘lanishining oldini oladi.

Yo‘l yoki sanoat hududlari yaqinida oqib o‘tuvchi kanallar atrofidagi daraxtlar tabiiy filtr hisoblanadi. Bu borada yer osti suvlari sathi baland hududlarga suvni ko‘p bug‘lantiradigan va ildizi tuproqni chuqur tortuvchi teraklar, tollar va qayrag‘ochlarni ekish, ayniqsa, foydali hisoblanadi.

24 soat qatnov

Kunduzgi 14.00. M-39 yo‘li. Saraton quyoshi nafasni qaytarguday yondirmoqda. Yo‘lda asfaltning hili chiqyaptimi yoki katta yuk mashinalar tutunimi, ajratib bo‘lmaydi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, qatnov siyrak emas, mashinalar zuv-zuv qatnab yotibdi. Yo‘l chetida daraxt bor hududlar nisbatan salqindek taassurot uyg‘otadi. Lekin daraxt bor joydan ko‘ra yo‘g‘i ko‘proq. “Yashil makon” loyihasi ishtirokchilari, taksi, yuk mashinalari haydovchilari birlashib, shu ishga kirishsa bo‘lmaydimi? Shuncha foydalari bilan bir qatorda har safar u yoki bu viloyatga qatnaganda “men ekkan daraxt bu” deya bir qarab o‘tish ham zavqli-ku...

Gulruh MO‘MINOVA.