Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahalla mas’ullari soliq tushumlarini tushirishga jalb qilinmaydi

Keyingi kunlarda ayrim internet tarmoqlarida Toyloq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining soliq va harbiy xizmat badali yig‘ishga majburlanayotgani haqida asossiz xabar tarqaldi. Bu nechog‘li haqiqatga to‘g‘ri keladi?

Toyloq tumanida 50 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 42 ming 983 nafar soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar mavjud. Mahallalarga biriktirilgan soliq xodimlari tomonidan shu yilning 1 mayiga qadar fuqarolarning mol-mulk va yerlari uchun hisoblangan soliqlar to‘g‘risida xabarnomalar xonadonma xonadon kirib tarqatib chiqilgan.

Mahalla raislari bilan hamkorlikda jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari mahalliy byudjet daromadlarini to‘ldirib, soliq to‘lovchilarning o‘zlari yashab turgan hududning obodligi, ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va ta’mirlash uchun sarflanishi keng targ‘ib qilinmoqda. Qolaversa, belgilangan soliq to‘lovlarini vaqtida to‘lashdan aholi manfaatdor ekanini yaxshi biladi. Shu bois aksariyat fuqarolar nafaqat soliq, balki elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa to‘lovlarni ham vaqtida amalga oshirishga odatlanishgan.

Mahalla mas’ullariga esa soliq tushumlarini tushirish majburiyati yuklatilmaydi. Ular o‘z mahallalari hududining yanada obod bo‘lishi uchun mahalliy byudjetga tushumlarni o‘z vaqtida tushishini ta’minlashda ixtiyoriy yordam berishlari mumkin.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi.