Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosariga 6 ta yirik investitsiya loyihasini taqdim etdi

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi o‘rinbosari O.Xodjayev tadbirkorlarning investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Bu galgi uchrashuvda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar 6 ta yirik investitsiya loyihasini taqdim etdi.

Jumladan, Payariq tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi tadbirkor Sharof Yalg‘ashov Xitoydan 3 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish evaziga Samarqand tumanida bo‘sh turgan bino ajratish va plastmassa quvurlar ishlab chiqarish loyihasini taqdim qildi. Samarqand shahri Safidiy mahallasida yashovchi Savritdin Zaynitdinov zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va propan gaz quyish shoxobchasi tashkil etish uchun Rossiyadan 1 million dollar investitsiya kiritishini bildirib, Samarqand tumanidan yer ajratishni so‘rab murojaat qildi. Samarqand shahridagi “PRESTIJ LAYT XAUS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Olimjon Nazarov 8 milliard so‘m o‘z mablag‘i hisobidan Samarqand shahri Gagarin ko‘chasida 0,06 gektar maydonda zamonaviy arxitektura talablari asosida ko‘p qavatli turarjoy qurishni taklif etdi. Samarqand shahridagi “Bunyod nur” mas’uliyati cheklangan jamiyati a’zolari Xurshid Mingliqulov va O‘ktam Usmonovlar Xitoy davlatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish evaziga zamonaviy mehmonxona va yo‘l qurilishi loyihalarini amalga oshirishni bildirdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari har bir taklifni eshitib, loyihalarning aniq tuzilganligi bilan qiziqdi. Savol tug‘dirgan loyihalar bo‘yicha rejalarni yanada aniqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.