Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maishiy gaz ballonlarini raqamlashtirish sarsongarchilikning oldini oladimi?

Bu savolga Samarqand viloyat Matbuot uyida «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali direktori Olimjon Isoqulov ishtirokida viloyatda suyultirilgan gaz ta’minotini onlayn nazorat qilish tartibi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida javob izlandi. Ta’kidlanishicha, viloyatda gaz ballonlarining 366 088 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilgan, 4 479 iste’molchiga esa ID-kartalar tarqatilgan.

Bugungi kunda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialiga qarashli Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi, Urgut, Payariq, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot gaz to‘ldirish shoxobchalari tomonidan gaz ballonlari to‘ldirilib, viloyatdagi tabiiy gaz yetkazib berishning imkoni bo‘lmagan 827 ta mahallaga yetkazib berilmoqda. Shuningdek, bu yumush bilan “Temurgaz” MChJ va “Samexprespetrol” xususiy korxonalariga qarashli gaz to‘ldirish shoxobchalari ham shug‘ullanmoqda.

- “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda, - deydi O.Isoqulov. - Bu ham iste’molchi, ham ta’minotchi uchun har tomonlama qulay tizim bo‘lib, gaz ballonlarini tarqatishda shaffoflikni ta’minlamoqda, ya’ni aholi sarsongarchiligining oldini oladi. Shu bilan birga, aholiga naqd pulsiz xizmat ko‘rsatish ta’minlanadi. Hozirgacha viloyatimizda gaz ballonlarining 366 088 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatildi. 4 479 ta iste’molchiga esa ID-kartalar tarqatildi.

Hozirda viloyatdagi 487 105 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari bo‘lib, ularning 486 772 tasi aholi xonadonlari, 332 tasi esa ijtimoiy soha ob’yektlari hisoblanadi. Maishiy gaz ballonlari yetkazib berish davriyligi 30-40 kunni tashkil etib, avtomashinalarda aylanma tara usulida tarqatish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yanvar oyida suyultirilgan gaz iste’molchilari soni qariyb 4 mingtaga oshib, aholiga 3819 maishiy gaz ballonlari tarqatildi.

Dilmurod To‘xtayev.