Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktab o‘quvchilari yo‘l-transport hodisalaridan ogohlikka chaqirildi

Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hududdagi yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish va harakat ishtirokchilarini hushyorlikka chaqirish maqsadida ta’sirchan usullardan foydalanmoqda.

Ular televizor, noutbuk, proyektor va ekran, qo‘shimcha elektr energiya beruvchi uskunalar bilan jihozlangan «Mobil targ‘ibot» avtomashinasi yordamida mahallalar, mehnat jamoalari, bozorlar, ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib, sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini muhokama qilmoqda. Fuqarolarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi sodda usullarda tushuntirilmoqda.

«Mobil targ‘ibot» tadbirlari doirasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etishni targ‘ib qiluvchi plakatlar, bukletlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar tarqatilayotir.

Boshqarmaning axborot guruhi tomonidan tashkil etilayotgan ana shunday tadbirlarning navbatdagisi bugun, 29 noyabr kuni Samarqand shahridagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazildi.

Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati.