Maktab oshxonasida qanday yeguliklar sotilyapti?
Maktab oshxonalari va bufetlarida qanday oziq-ovqatlarni tayyorlash yoki sotish mumkinligini bilasizmi? Farzandingiz maktabda qanday yegulik iste’mol qilishini-chi?
Mamlakatimizdagi umumta’lim muassasalarida gamburger, chizburger, xotdog, «kiriyeshki», «xrustyashki», «chips», energetik yoki gazlangan ichimliklar va shu turdagi mahsulotlar sotishga ruxsat etilmaydi. Bunday mahsulotlar bolalar sog‘ligiga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun ota-onalar bolalarini bunday mahsulotlardan asrashi, ularni sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatishi kerak.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga ko‘ra, maktab oshxonalarida yuqorida keltirilganlardan tashqari sun’iy moddalar qo‘shilgan qandolat mahsulotlari, veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har xil turdagi konservalar, qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, o‘tkir ta’mli souslar, ketchup, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va meva kabi mahsulotlar taqiqlanadi. Shuningdek, bolalar salomatligiga zarar beruvchi boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sotish ham mumkin emas. Ammo bu qoida va normalarga maktab oshxonalari amal qilmayapti.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2024 yilning 10 oyida boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari xodimlari hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari bilan bolalar bog‘chalari va umumta’lim maktablarida tekshiruvlar olib borgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi «Maktabgacha hamda umumta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, joriy yilda viloyatdagi 1266 ta umumta’lim maktabidan 915 tasida nazorat tekshiruvlari o‘tkazilgan. Sanitariya nazorati olib borilgan maktablarning 453 tasida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha kamchiliklar aniqlangan va ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan 190 nafar xodim vaqtincha ishdan chetlatilgan, 24 ta umumta’lim maktabida yuqumli kasalliklar ko‘paygani va sanitariya talablariga javob bermaganligi sababli oshxonalarning vaqtincha ish faoliyati to‘xtatilgan.
Yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga, tuman (shahar) bo‘limlari va umumta’lim maktablari rahbarlariga sanitariya me’yor va qoida talablari bo‘yicha 38 turdagi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining maktab bufetida sotilishini taqiqlash bo‘yicha topshiriq xatlari yuborilgan. Ammo ushbu topshiriq xatga deyarli hech qaysi maktab amal qilayotgani yo‘q. Istalgan maktab oshxonasi yoki bufetiga kirsangiz, taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini topasiz.
Masalan, yaqinda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xodimlari Bulung‘ur tumanidagi ayrim maktablarda o‘rganish olib borgan. Ushbu tumanning 22-umumta’lim maktabida joylashgan oshxona o‘rganilganda, oshxonada taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari pishirib sotilayotgani, idishlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagani, muzlatkichda oziq-ovqatlar tartibsiz saqlanayotgani aniqlangan.
Tumanning 36- va 54-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgani, oshxonalarning sanitariya holati qoniqarsiz ekani aniqlangan.
Shuningdek, Samarqand shahridagi 5-, 51-, 52-umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi oshxonalar o‘rganilganda, yuqoridagilardan ham ayanchli holatlarga duch kelingan. Ushbu maktablardagi oshxona va savdo do‘konlarida uy sharoitida tayyorlangan «fastfud», qo‘lbola mayonez, kremli mahsulot va gazlangan, rangli ichimliklar sotilayotgani, yarim tayyor mahsulotlar shu yerning o‘zida sanitariya holati saqlanmagan sharoitda tayyorlanayotgani, ishlatilgan idishlarni yuvish uchun umuman sharoit yo‘qligi aniqlangan. Yanayam ayanchlisi, shahardagi 51-umumta’lim maktabi oshxonasining muzlatkichida mog‘orlab ketgan pomidor va murabbo mahsulotlari topilgan.
- Biz o‘quv yilining boshida maktablarni o‘rganganimizda, shuncha ogohlantirishimiz va seminar-mashg‘ulotlari o‘tishimizga qaramay, maktab oshxona va bufetlarida 38 turdagi taqiqlangan mahsulotlar sotilishiga guvoh bo‘ldik, - deydi “Sanepidqo‘mita”ning viloyat boshqarmasi bolalar-o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Iroda Oripova. – Albatta, bunday holatda nafaqat tadbirkor, balki maktab direktoriga ham ma’muriy bayonnoma qo‘llaniladi. Sababi, ta’lim muassasalari oshxonalarining ijara shartnomasi «Davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonasi (ijaraga beruvchi), talabgor (ijaraga oluvchi) va ta’lim muassasasi (balansda saqlovchi) o‘rtasida qonunchilikka muvofiq tuziladi. Shuning uchun maktab rahbari maktab hududiga kirib kelayotgan oziq-ovqat mahsuloti uchun javobgar shaxs hisoblanadi. Agar maktab direktorlari biz bilan birga ishlab, maktab oshxonasiga taqiqlangan mahsulotlarning kirishiga yo‘l qo‘ymasa, birgalikda muammoning oldini olish mumkin.
Bugungi kunda viloyatdagi umumta’lim maktablarida 784 ta oshxona va bufetlar faoliyat olib bormoqda. Shundan, 573 ta oshxona va bufetlar Davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish markazi orqali elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarilib, auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda. Shunisi qiziqki, maktab oshxonalarini yuritayotgan tadbirkorlarning faoliyatini tadbirkorlarning huquqlarini himoya qiluvchi vakil – ombudsman ruxsati olingandan keyin tekshiriladi. Bunday tartib yuqoridagi qarorda belgilangan. Agar maktab oshxonasida taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgan bo‘lsa, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari maktab rahbarlari bilan birgalikda oshxonani yuritayotgan tadbirkorni ogohlantira oladi, xolos. Ammo tadbirkorga nisbatan ma’muriy chora ko‘ra olmaydi.
Yanayam qizig‘i, maktab oshxonasini tekshirishga ombudsman ruxsat bergan taqdirda ham, tadbirkorga bu haqda oldindan xabar qilinadi. Albatta, tadbirkor belgilangan kun oshxonani «top-toza» qilib qo‘yadi. Tabiiyki, tekshiruvchilar oshxonadan hech qanday taqiqlangan oziq-ovqat mahsuloti topa olmaydi. Ertasi kuni tadbirkor yana o‘z faoliyatini shu zaylda davom ettiraveradi.
Ilgari maktablar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bir yilda to‘rt martagacha tekshirilgan bo‘lsa, endilikda bir yilda atigi bir marta tekshirishga ruxsat beriladi. Tekshiruvdan o‘tgan maktab oshxonasi yana ilgarigidek istalgan oziq-ovqat mahsulotini sotaveradi.
Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, nima uchun tadbirkor taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini keltirib sotadi?
Birinchidan, u foyda ko‘rish uchun maktab oshxonasini yurityapti. Ikkinchidan, u ijara puli to‘laydi. Shuning uchun bolalar ko‘proq nima iste’mol qilsa, shuni keltirib sotishga harakat qiladi.
Demak, tadbirkorning daromadini o‘ylaydigan bo‘lsak, maktab oshxonasi yoki bufetida istalgan oziq-ovqat mahsulotini sotishga ruxsat berishimiz kerak. Unda bolalar salomatligini kim o‘ylaydi? Ularning ovqatdan zaharlanmasligiga, yuqumli kasalliklarning ko‘paymasligiga kim kafolat beradi? Bizga tadbirkorning daromadi muhimmi yoki bolalar salomatligimi?
To‘g‘ri, bugun tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berilyapti, ularning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmayapti. Mayli, tadbirkor o‘z faoliyatini boshqa joyda amalga oshiraversin, xalqqa xizmat qilib, daromadi ko‘payaversin. Ammo maktab oshxonalarini tadbirkorlarga berish qanchalik noto‘g‘ri ekanining bugun guvohi bo‘lyapmiz. Tadbirkor bolalarni sog‘lom ovqatlanishini emas, savdosi avj olib, daromadi ko‘payishini istaydi.
Yana bir gap. Oshxonasi ham, bufeti ham yo‘q maktablarda o‘qiyotgan bolalar maktab yaqinidagi savdo do‘konlaridan yeguliklar sotib oladi. Hatto bunday do‘konlarda insonlar salomatligiga zarar keltiruvchi energetik ichimliklar sotilishi juda achinarli.
Sog‘lom hayot tarzini kundalik turmushimizga joriy qilishimiz uchun yuqoridagi kabi muammolarning oldini olishimiz zarur. Bugun bolalarni sog‘lom ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yishni faqat davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. Siz nima deysiz?
Xurshida Ernazarova.