Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktab reytingi kimga bog‘liq?

Albatta, uning rahbariga. Viloyat hokimligida o‘tkazilgan tahlilda Past Darg‘om, Nurobod, Payariq, Urgut, Bulung‘ur tumanlari XTB respublikada oxirgi o‘rinlarda ekanligi aytildi.

Har bir tumandan maktab o‘quvchilaridan ona tilidan sinov diktanti olinganda, belgilangan 12,5 ball o‘rniga, Past Darg‘om tumanidagi 17, 18, Payariqdagi 8-maktab o‘quvchilari bir ball atrofida baho olishgan. Boshqa fanlar bo‘yicha bu tumanlardagi ahvol achinarli.

Maktablar reytingi to‘rtta ko‘rsatkich bo‘yicha aniqlandi.

1. Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasasiga kirishi.
2. 9-sinf o‘quvchilarining ona tilidan diktant va matematikadan yozma ishlari natijasi.
3. Maktabda oliy va birinchi toifali pedagoglar tarkibi.
4. Maktabda o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit va o‘qitish muhiti holati yuzasidan o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasi.

Reyting natijasiga ko‘ra, viloyatdagi 356 ta maktabdan 2019-2020 yilda OTMlarga birorta ham bitiruvchi kira olmagan.

Ana endi bir o‘ylab ko‘raylik, maktabdagi bu ahvol uchun kim javob beradi? Shu maktablar, XTB rahbarlari ota-onalar, bolalar, jamoatchilikka buning sababini tushuntirib bera oladilarmi? Ularning bu lavozimlarda ishlashga haqlari bormi?

Ehtimol, buning sababi ota-onalarning o‘z farzandlarining ilm olishi uchun e’tiborsizligidandir? Ehtimol, maktab direktori yoki XTB rahbarlarining jamoatchilikka hisobot bermay kelganligidandir?

Xullas, har birimizga xalq ta’limi taqdiri to‘g‘risida jiddiy o‘ylash vaqti kelmadimi?

Viloyat hokimi E.Turdimov bu muhim masalani xalq deputatlari kengashlarida jiddiy muhokama qilish taklifi bilan chiqdi. Deputatlar o‘z saylov okruglaridagi maktablarda ta’lim sifatini muntazam nazorat qilishi va sessiyalarda o‘z munosabatlarini bildirishlari kerak. Yuqorida sanab o‘tilgan tumanlarda viloyat kengashi bilan ta’lim sifati bo‘yicha qo‘shimcha sessiyalar o‘tkazishga kelishildi.

Taklif, mulohazalar viloyat xalq ta’limi boshqarmasining Samarqand xalq ta’limi telegram kanaliga yuborishingiz mumkin.