Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktablarda Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy ishlarga o‘tildi

Bugungi kunda viloyatimiz umumta’lim muassasalarida Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish hamda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini to‘kis shakllantirish maqsadida 44 ta tayanch maktablar tashkil etilgan.

Mamlakatimizda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, tizimda xalqaro talablarga mos islohotlarni amalga oshirishda ushbu tadqiqotlar muhim ekanligi inobatga olinib, ustozlar o‘rtasida tajriba va malaka oshirish kurslari, mahorat darslari o‘tkazilmoqda.

Oqdaryo  tumanidagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi viloyat o‘quv-amaliy seminarida ham ayni shu vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar umumta’lim maktablarining malaka va tajribaga ega fan o‘qituvchilarining boshlang‘ich hamda yuqori sinflarda tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha ochiq darslari bilan boshlandi. “Jaloliddin Manguberdi” hamda “Chumchuq va chumoli”  mavzusidagi boshlang‘ich sinflarda, “Antarktida  materigi, geografik o‘rni”, “Suvning fizik va kimyoviy xossalari”, “Suvda hamda quriqlikda yashovchilar”, “Kvadrat  tenglama”  mavzusidagi yuqori sinflarda tashkil etilgan ochiq darslarni 44 ta tayanch maktablardan tashrif buyurgan fan o‘qituvchilari, direktorlar, xalq ta’limi bo‘limlarining metodistlari kuzatib, tahlil qilib borishdi. Har bir ochiq dars nihoyasida o‘quvchi o‘zlashtirgan bilim hamda uni hayotda qo‘llay olish ko‘nikmalari, o‘qituvchi mahorati nuqtai nazaridan tahlil etildi. Yutuq va kamchiliklar muhokama etildi. O‘qituvchilar hamda fan metodistlari tomonidan Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun topshiriqlar ishlab chiqildi.

Shundan so‘ng o‘quv-amaliy seminarning yalpi yig‘ilishi boshlandi. Unda Xalqaro tadqiqotlarga tayyogarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat koordinatori, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolovning tayyorgarlik bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda fan o‘qituvchilari, tayanch maktablarning direktorlari, metodistlarga zarur tavsiyalar berildi. Oqdaryo tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlang‘ich ta’lim fani metodisti M.Ro‘zimurodova “PIRLS tadqiqotlarida foydalanilgan matn va topshiriqlar”, tabiiy fanlar metodisti D.Abduraimova “Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash”, Oqdaryo tumanidagi 45-umumta’lim maktabining trener o‘qituvchisi J.Aripov “Xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha Oqdaryo tumanidagi tayanch maktablarda olib borilayotgan ishlar” mavzularida taqdimotlar qilishdi. Seminar qizg‘in savol-javob, bahs-munozalarga boy bo‘ldi.

Seminarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov yakuniy xulosalar bo‘yicha to‘xtalib, bu boradagi muhim vazifalarni izchil hayotga tatbiq etish, o‘qituvchilarning vijdonini uyg‘otib, izlanishga, o‘z ustida ishlashga chorlash viloyat xalq ta’limi tizimining ertangi kunini belgilashi, yurtimizda ta’lim tizimining xalqaro standartlarga moslashishiga xizmat qilishini e’tirof etdi. Bu borada o‘zining muhim taklif va tavsiyalarini berib, yosh va bilimli o‘qituvchilarning ilg‘or fikrlari, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish, bu bo‘yicha o‘qituvchilarning malaka va tajribalarini oshirishga bag‘ishlangan navbatdagi viloyat seminari Paxtachi tumanida o‘tkazilishi belgilandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.