Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Malayziya sobiq bosh vaziri xotini davlat pulini talon-taroj qilgan

Malayziya politsiyasi sobiq bosh vazir Najib Razzoqning xotini davlat investitsion fondi hisobidan $23 millionlik marjonni sotib olganini isbotladi, deb yozmoqda minbar.uz.

"Politsiya surishtiruvi paytida qiymati taxminan 23 million dollarlik pushti olmoslardan iborat marjonlardan biri Nyu-Yorkdagi zargarlik do‘konidan Malayziya investiya davlat qo‘mitasi pullariga sotib olingani isbotlandi", deyilgan politsiya hisobotida.

Shuningdek, sobiq bosh vazir Najib Razzoqning o‘zi ham bu kabi jinoyatlardan xoli qolmagan. Hozir unga jami yettita ayblov qo‘yilgan bo‘lib, ulardan uchtasi bo‘yicha 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda rotang tayoqlari bilan savalash jazosi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima solinishi ham mumkin.

O‘tgan yili prokuratura Najibni 42 ta modda bo‘yicha 681 mln. dollardan ortiq pulni o‘zlashtirishda ayblagan.

2009 yilda bosh vazir bo‘lgan Najib Razzoq energetika, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi investitsion loyihalar uchun mo‘ljallangan 1MDB fondini tashkil etgandi. 2015 yilda The Wall Street Journal gazetasi Najibning hisob raqamida fond hisob raqamidan o‘tkazilgan 700 million dollar mablag‘ borligi haqida shov-shuvli maqola e’lon qilgandi.

Hukumat avvaliga buni rad etdi, ammo surishtiruv boshlashga majbur bo‘ldi. Natijada korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi Najib hisob raqamlarida 700 mln dollar borligini tan oldi. Bosh vazirning o‘zi esa bu pullar Saudiya Arabistoni qiroli oilasidan yordam ekanini aytdi.