Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Malayziyada ham Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi mumkin

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya Bosh vazirining maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Marzuki Yaxya va Malayziyaning O‘zbekistondagi favqullodda va muxtor elchisi Xendi Assan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Martabali mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markaz faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif doirasida mehmonlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

- O‘zbekistonga sayohatimiz unutilmas taassurotlarga boy o‘tmoqda, - dedi Marzuki Yaxya. – Bu yerdagi o‘zgarishlar, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko‘rib hayratlandim. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan suhbatlashib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xususida ma’lumotlar oldik. Biz Malayziyada Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochishni rejalashtirayapmiz.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Malayziyadagi  islom tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani ayni muddao. Yaqinda malayziyalik bir guruh islomshunos olimlarning Samarqandga sayohatini tashkil qilamiz. Ular ham mazkur markaz va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Bu ilmiy hamkorlik aloqalarimizning yanada kengayishi, birgalikda ko‘plab tadqiqot ishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.