Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mamlakatimizdagi yagona turizm qishlog‘iga kelishni istovchilar yo‘qmi?

Albatta bor. Konigil turizm qishlog‘i nafaqat chet ellik, balki mahalliy sayyohlar uchun ham g‘oyat foydali, qiziqarli, etnik madaniyatimiz haqida qator ko‘rgazmali vositalar bilan tanishtiruvchi, bahavo maskan. Ammo u barcha turistik yo‘nalishlarda ham mavjud emas.

Aslida turizm sohasida keyingi bir yilning o‘zida qator yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Xususan, Samarqand shahridagi Orzu Mahmudov ko‘chasi gastronomik ko‘chaga aylantirildi, Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘i respublikada ilk turizm qishlog‘i sifatida sertifikatga ega bo‘ldi, halol standartlariga to‘g‘ri keladigan qator ovqatlanish shoxobchalari, mehmonxonalar tashkil qilindi. Ammo…

- Ammo pandemiya sharoitida Samarqandga keluvchi sayyohlar soni undan oldingi yilga nisbatan bir necha baravarga kamaydi, - deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti rahbari Dilshod Narziqulov ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – Hukumatning qator imtiyozlari tufayli sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar yashab qolishi uchun imkon berildi. Bu imkoniyatdan yuzlab tashkilotlar foydalanib, bugungi kunda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda mahalliy turizmni rivojlantirish uchun qator chora-tadbirlar olib borildi. Xususan, qish oylarida bir qator chegirmalar berildi, natijada dekabrdan yanvarga qadar 102 mingdan ortiq mahalliy turistlarga xizmat ko‘rsatildi. Mart oyidan boshlab rasman turizm mavsumi katta bayram sifatida ochildi. Keyingi yillarda ziyorat sayyohligini rivojlantirish yo‘lida ham aniq ishlar olib borilmoqda. Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Malayziya va boshqa qator davlatlardan ziyorat turizmi maqsadida keluvchilar uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Afsuski, hamon ba’zi yangi yo‘nalishlar guruh bilan keluvchi mahalliy turistlar uchun tatbiq etilmagan. D.Narziqulovning aytishicha, yaqindan boshlab, yangi yo‘nalishlarni tashkil etgan sayyohlik firmalari va gidlarga 5 milliondan 10 million so‘mgacha grant mablag‘lari ajratilmoqda. Shuningdek, Samarqandda kelgusida nafaqat tarixiy obidalar tomoshasi, balki sayyohlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun yangi ko‘cha va «shaharcha»lar, turistik qishloqlar tashkil etiladi.

Gulruh Mo‘minova.