Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Markaziy bank 15 ta tijorat bankining 101 nafar xodimiga intizomiy jazo qo‘lladi

Joriy yilning may-iyun oylarida 15 ta tijorat bankining Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida joylashgan 74 ta muassasasida Markaziy bank tomonidan xizmatlarning qonunchilikka muvofiq ko‘rsatilishiga doir nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

O‘rganishlar natijasida tijorat banklari muassasalari tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda qator qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Jumladan, kredit va omonat xizmatlari haqida ma’lumotlar, shu bilan birga, kredit va muddatli omonatlarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi axborot varaqalari taqdim etilmaganligi, shuningdek, bank kartalari egalariga ayrim moliyaviy operatsiyalar o‘tkazishda imkon yaratib berilmaganligi kuzatilgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha "Ipotekabank", "Agrobank", "Mikrokreditbank", Xalq banki, "Turonbank", "Trastbank", "Kapitalbank", "Milliybank", "Hamkorbank", "Asakabank", "Universalbank", "Davrbank" va "Ipak yo‘li banki"ga bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ko‘rsatmalar yuborilgan.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan qoidabuzarliklarni yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan 101 nafar bank xodimlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.