Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Maroqand neft bazasi”ning Bulung‘ur va Jomboy filiallarida 73 mlrd 775 mln so‘mlik talon-taroj va kamomad aniqlandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti xodimlari tomonidan “Maroqand neft bazasi” MChJda neft mahsulotlarining navbatdan tashqari inventarizatsiyasi o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida, Bulung‘ur va Jomboy filiallarida neft mahsulotlari inventarizatsiyadan o‘tkazilganda, vertikal po‘lat sig‘imlarga (RVS) qasddan texnik o‘zgartirish kiritish va qo‘lbola usulda sig‘im ichiga temir quvur joylashtirilganligi aniqlandi.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Bulung‘ur filialida jami 22 milliard so‘mlik 2 612,9 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilganligi va katta miqdorda talon-taroj qilinganligi holati aniqlandi, jumladan:

- Ai-80 avtobenzinidan 18 milliard so‘mlik 2 382,1 tonna;
- EKO markali dizel yoqilg‘isidan 705,8 mln. so‘mlik 44,1 tonna;
- TDL-05 markali dizel yonilg‘isidan 1,7 milliard so‘mlik 111,6 tonna;
- TD-K5 yevro markali dizel yoqilg‘isidan 1,3 milliard so‘mlik 75,1 tonna.

Jomboy filialida esa jami 51,6 milliard so‘mlik 4441,2 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlangan, jumladan:

- Ai-80 avtobenzini 18 milliard so‘mlik 2341,7 tonna
- YeVRO K-5 dizel yonilg‘isi 81,7 mln. so‘mlik 4,6 tonna
- Dizel yonilg‘isi 1,5 milliard so‘mlik 92,3 tonna
- EKO dizel yonilg‘isi 32 milliard so‘mlik 2002,5 tonna

Bulung‘ur va Jomboy filiallarida jami 73 milliard so‘mlik 7054,1 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi. Moliyaviy va komplayens nazorati departamenti va boshqa tegishli departament mutaxassislari tomonidan inventarizatsiya davom ettirilmoqda.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida, to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli tartibda taqdim etilgan.