Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Martin Chungong kim? U O‘zbekistonga, Samarqandga nega kelgan va u rahbarlik qiladigan tashkilot haqida

Xabaringiz bor, 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq (PAI) Bosh kotibi Martin Chungongni qabul qildi.

Mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan sherikligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Darvoqe, PAI turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi 130 yildan ko‘proq tarixga ega nufuzli xalqaro (hukumatlar qaramog‘ida bo‘lmagan) tashkilot. Ittifoqning asosiy vazifasi parlamentlar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirishdan iborat. Faoliyatida 110 dan ortiq davlatlarning parlament guruhlari qatnashadigan tashkilot kotibiyatining qarorgohi Jenevada joylashgan.

Ittifoq va bosh kotibning O‘zbekiston bilan munosabatlari

O‘zbekiston 1992 yilda ittifoqqa a’zo bo‘lgani bilan orada ma’lum muddat ishtiroki susaygan. Biroq tashkilot faoliyatida 2017 yilda ishtirokini qayta tiklagan davlatimiz bugungi kunda uning ijroiya tuzilmalarida to‘laqonli qatnashmoqda. Qayd etish lozim, Oliy Majlis tomonidan Parlamentlararo ittifoq bilan ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash to‘g‘risida alohida hujjat qabul qilingan.

2019 yilning oktyabr oyida tarixda ilk bor O‘zbekistondan nomzod Parlamentlararo ittifoq (PAI) Ijroqo‘mi a’zosi etib saylangan. O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar e’tirofi sifatida Akmal Saidov nomzodi tashkilotning barcha a’zo mamlakatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullangandi.

2020 yilning 30 yanvarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov PAI vitse-prezidenti hamda Moliya bo‘yicha kichik qo‘mita a’zosi etib tayinlangan.

Ayni paytda mamlakatimizda bo‘lib turgan Martin Chungong Parlamentlararo ittifoqning sakkizinchi Bosh kotibi. U ushbu Tashkilot tarixida bunday yuqori lavozimga ko‘tarilgan dastlabki yevropalik bo‘lmagan mutaxassis hisoblanadi.

Kamerunlik xalqaro siyosatchi parlamentlar tizimi bo‘yicha 40 yillik milliy va xalqaro ish tajribasiga ega. U ma’lumotiga ko‘ra – tilshunos. Yaunde (Kamerun) va Ottava (Kanada) universitetlarining professori. Ingliz, fransuz va ispan tillarida erkin so‘zlashadi.

Martin Chungong O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, parlamentarizmni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar holatini yaxshilash borasidagi o‘zgarishlarni ijobiy baholaydi. U davlatimiz rahbari ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini qabul qilishga doir tashabbusini xalqaro tashkilotlar rahbarlari orasida birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan.

U 2020 yil avgustida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida virtual rejimda ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, PAI Bosh kotibi tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashdi. Mo‘’tabar mehmon Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Parlamentda yoshlarni qo‘llaymiz” mavzusidagi yoshlar parlament forumida ishtirok etdi.

Bosh kotib ishtirok etgan Samarqanddagi forum

Aslida Martin Chungong mamlakatimizga Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgandi.

Martabali mehmon tashrif davomida Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda parlamentning roli” mavzusidagi parlament forumida qatnashdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, rasmiy din vakillari, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar va diniy konfessiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar bugungi kunda dinlararo bag‘rikenglikning rivojlanib, umumbashariy ahamiyat kasb etib borayotganligi tufayli uni mazmunan yanada teranroq anglash zarurati yuzaga kelganini ta’kidlashdi. Zero, dinlararo bag‘rikenglikka erishish murakkab va uzoq davom etadigan jarayon. Shuning uchun ham bu muammo tarixiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida dolzarb hisoblanib, turli e’tiqodlarning birgalikda mavjud bo‘lishiga, ular o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi, pirovardida tinchlik va taraqqiyotga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyat rivojiga xizmat qilgan.

O‘z navbatida O‘zbekiston diniy bag‘rikenglikning tarixiy ildizlari, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashning huquqiy asoslari, millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mazkur sohadagi faoliyat ustidan parlament nazorati mexanizmi kabi mavzular doirasida o‘zaro fikr almashindi.

Rafiqasi hamrohligida tashrif buyurgan martabali mehmon Samarqanddagi diqqatga sazovor joylar va tarixiy obidalarda ham bo‘ldi. Ko‘hna kentdagi asriy qadamjolarning bunyod etilish tarixi, ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar unda, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi.