Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasiga o‘zgartirish kiritildi

Fuqarolar daromadi, turmush darajasini oshirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish, shu­ningdek, mehnatiga kam haq to‘lanadigan xodimlar ish haqi miqdorini jadal ravishda oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 18 yanvarda "Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasiga o‘zgartirish kiritish haqida" qaror qabul qildi.

Ushbu qaror Prezidentimizning 2018 yil 13 oktyabr­dagi "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni asosida mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining quyi razryadlari tarif koeffitsiyentlarini o‘rtacha 10 foizga, shu jumladan, 1-razryad buyicha 15 foizga, 2-razryad buyicha 10 foizga va 3-razryad buyicha 5 foizga oshirish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan ishlab chiqilgan.

Avval amalda bo‘lgan koeffitsiyent bo‘yicha 1-razryadli xodimga (2,476 x 202 730) 501 ming 959 so‘m miqdorida bir oylik ish haqi to‘langan (2018 yil 1 noyabrdan O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam oylik ish haqi 202 730 so‘m). 2-razryad tarif koeffitsiyenti (2.725 x 202 730) bo‘yicha bir oylik ish haqi 552 ming 439 so‘m, 3-razryad tarif koeffitsiyenti (2.998 x 202 730) bo‘yicha bir oylik ish haqi 607 784 so‘m bo‘lgan. Farmonga ko‘ra, endilikda 1-razryad tarif koeffitsiyenti bo‘yicha oylik ish haqi (2.847 x 202 730) 577 ming 172 so‘m, 2-razryad tarif koeffitsiyenti bo‘yicha (2.997 x 202 730) 607 ming 582 so‘m va 3-razryad tarif koeffitsiyenti bo‘yicha (3,148 x 202 730) 638 ming 194 so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, farmonda xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlarga ularning moliyaviy imkoniyatlaridan va xo‘jalik faoliyatidan kelib chiqqan holda, xodimlar mehnatiga haq to‘lashni tashkil etish uchun asos sifatida yagona tarif setkasining oshirilgan tarif koeffitsiyentlarini belgilash huquqi berilgan.

Ulug‘bek KAMOLOV, viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining

birinchi o‘rinbosari.