Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Menda fikr bor: Har bir loyiha mukammal bo‘lsin!

Mamlakatimizda yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar, uning asosida tashkil topgan yangi parlament, yangi ijodiy kuch hamda yangi qonunlar olib keladi, albatta. Ularning aniq va mukammalligi, asoslantirilganligi, pishiqligi esa jamiyatimizga yanada uyushqoqlik, tartib-intizom, tinchlik-osoyishtalik, ijtimoiy-iqtisodiy, adolat mezonlarini bag‘ishlaydi. Lekin bu qonunlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, degani emas.

“Davlatda qonunlarning ko‘pligi, - deb yozadi buyuk faylasuf olim F.Volter. – Bamisoli, tabiblarning ko‘pligiga o‘xshaydi, tabiblarning ko‘pligi esa kasallik va ojizlik belgisidir». Bunday holda ularning sifati, amalda qo‘llanilishi, samaradorligi kabi jihatlari ham yuzaga chiqishi mumkin.

Ta’lim olish huquqi insoniyatga berilgan buyuk ne’matlardan biridir. U respublikamizning turli darajadagi normativ-huquqiy hujjatlarida aniqlashtirilgan, tartibga solingan. Jamiyatimiz va davlatimiz ham bu borada g‘amxo‘rlikni kuchaytirmoqda. Ta’lim to‘g‘risidagi 1992 va 1997 yillardagi qonunlar asosida «Ta’lim kodeksi» ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Hozirda «O‘qituvchining huquqiy maqomi» to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Binobarin, YuNESKOning tahliliga ko‘ra, jahon standartlariga javob bera oladigan milliy farovonlik darajasiga mehnatga layoqatli aholining 40-60 foizi oliy ma’lumotli bo‘lishga erishgan davlatlargina yetishishlari mumkin.

Shu yo‘nalishdagi yana bir qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 197-5(prim)-moddasi bilan to‘ldirish taklif qilinyapti. Unda «Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish» uchun ma’muriy javobgarlik – jarima qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Shunday harakatlar bir yil mobaynida takroran sodir etilganda esa eng kam ish haqining 7-10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 10-15 baravarigacha jarima solish nazarda tutilgan. Shunday huquqbuzarlikka ma’muriy-huquqiy chora belgilanishining o‘zi ijobiy holat. Chunki bu oliy ta’lim tizimida ham uchrab turadigan harakatdir. Men mazkur loyiha bo‘yicha mulohaza bildirmoqchiman.

Birinchidan, loyihada ikki harakat - pedagogik xodimning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish, xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish nazarda tutilmoqda. Ammo taklif qilinayotgan moddada keltirilgan harakatlar dispozitiv belgilari, ya’ni qaysi harakatlar (yoki harakatsizliklar) orqali aralashish, to‘sqinlik qilish holatlari ko‘rsatilmagan. Bu uni amaliyotda qo‘llash vaqtida noaniqlik, bahs, munozara, noroziliklarga olib kelishi mumkin, deb o‘ylayman. Masalan, oliy ta’lim o‘qituvchisiga o‘tilmagan dars uchun baho qo‘yib berishni buyurish, talab qilish, shu talab yoki buyruqni bajarmaganligi uchun o‘qituvchi mutaxassisligi bo‘lgan darslarni tugatish, qisqartirish yoki biror narsani bahona qilib hayfsan e’lon qilish, ishlab turgan kafedrasini tugatish, o‘qituvchini ta’magirlikda ayblash, kursni o‘zlashtirmagan talabaga 4-5 martagacha ruxsat berib, oxiri boshqa OTMga olib borib, ko‘chirtirib «topshirdi» deyish, savodsiz yozilgan buyruq va qaydnomalarni bajarishdan bosh tortganligi uchun ota-onalarini zimdan chaqirtirib, o‘qituvchiga po‘pisa qilishlari, aralashishlari, yozma ishini ko‘rmasdan norozilik bildirib ayblashlari, shunday hollarda kamchilikni to‘g‘rilamasdan, umuman ushbu soha, fan mutaxassisi bo‘lmagan o‘qituvchiga «baho qo‘ydirib olish»lar ushbu moddaning dispozitiv belgilariga (nazarda tutilgan holatlari) kiradimi, yo‘qmi?

Ikkinchidan, kiritilayotgan yangi moddani qo‘llash bo‘yicha yoki yangi yo‘riq xati, alohida ko‘rsatma qabul qilinadimi? Muassasa ta’lim ispeksiyasi faqat ma’muriyatni qo‘llasa, ushbu chorani kim, qaysi komissiya yoki idora qanday holatlarda qo‘llaydi? Chunki Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 8 dekabrda so‘zlagan nutqida «O‘ylaymanki, qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladigan qonunlar vaqti keldi», degan so‘zlari aynan shunday holatlarga taalluqlidir, deb hisoblaymiz.

Ziyodulla MUQIMOV,

SamDU professori.