Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

MIB xodimlari nega javobgarlikka tortilgan?

Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan 2021 yil 11 mart kuni “zarnews.uz” rasmiy saytida berilgan “Samarqandda 100 ga yaqin jinoyat ishlari oqibatida byudjet 8 milliard 688 million so‘m zarar ko‘rgan” maqolasi yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.

Maqolada viloyatda 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 177 nafar mansabdor shaxslar turli ko‘rinishdagi korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilganligi, jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 20,9 mlrd. so‘mdan oshishi, shu jumladan bu jinoyatlarning 6 tasi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan sodir etilganligi ko‘rsatilgan.

Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyat boshqarmasi har qanday jamiyat uchun xavfli bo‘lgan korrupsiyaviy holatlar va mansab mavqeini suiiste’mol qilish kabi nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olish muhim choralarni amalga oshirmoqda.

Amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar bilan bir qatorda, MIB viloyat boshqarmasi o‘z safida jinoyatlarga, xususan tamagirlik va firibgarlikka qo‘l urib, tizim sha’niga dog‘ tushirib kelgan xodimlarga murosasiz choralar ko‘rish, ularni tegishli tartibda javobgarlik masalasini hal qilib borish doimo diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 1 holat bo‘yicha MIB xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, so‘ng JPKning 83-moddasi 2-bandi bilan harakatdan tugatilgan, 2 holat bo‘yicha sud muhokamasi kutilmoqda, 2 nafar xodim tegishli tartibda jinoiy javobgarlikka tortilgan. Xususan, o‘tgan yilda odam o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan Samarqand tumani bo‘limi davlat ijrochisi F.Karimov, fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan Bulung‘ur tumani bo‘limi davlat ijrochisi M.Saidov hamda Samarqand shahar bo‘limi davlat inspektori U.Soliyev sud hukmi bilan tegishli jinoiy jazoga tortilgan.

Shu bilan birga, 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davrida MIB viloyat boshqarmasi tizimida ishlab kelayotgan xodimlar, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilish yoki boshqa turdagi korrupsiya toifasidagi jinoyatlar sodir etganligi qayd qilinmagan.

Shuningdek, maqolada keltirilgan qolgan holatlarning korrupsiyaga oid jinoyat sodir etganligi bo‘yicha aybi aniqlanib, sud hukmi bilan jazoga tortilgan holatlar haqida ham qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi.