Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

MIBning Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining majburlab ishlatilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Joriy yilning 9 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “MIB xodimlari: bayram kunlari, hatto mehnat ta’tilida ham ishlamoqdamiz” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

Xabarda Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi xodimlari nomidan ish vaqti chegaralanmagani, soat 0700 dan kech 0000 gacha, bayram kunlari ham ishlayotgani, tez-tez yig‘ilishlar o‘tkazilishi, hatto mehnat ta’tilidagilar ham ishga chiqishga majburlanayotgani, rahbariyatning mehnat qonunchiligiga rioya qilmayotgani bayon qilingan.

Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tuman-shahar bo‘limlarida 1145 nafar xodim, birgina Samarqand shahar bo‘limida 200 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi.

O‘rganishlarda xodimlarning kunlik ish vaqti soat 0900 dan soat 1800 ga qadar davom etishi, belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Xodimlarning dam olish kunlari ishlashi faqat ularning roziligi asosida amalga oshiriladi. Sababi, aholining ish bilan band bo‘lgan qatlami shanba va yakshanba kunlari xonadonlarida bo‘lishi, priborlarni ko‘zdan kechirish hamda hisob-kitoblarni amalga oshirishda ularga yanada qulaylik yaratishi inobatga olingan.

Bunday holatlarda, xodimlarning shanba-yakshanba va dam olish kunlari o‘z xohishi bilan ishlagani uchun boshqa dam olish kuni (otgul) berilishi yoki ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda dam olish kuni berish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, Byuroning Samarqand viloyati boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning alohida xizmat o‘tash sharoitlari inobatga olinib, ularga nisbatan tegishli ijtimoiy muhofaza choralari, dam olish, moddiy ahvolini yaxshilash, mehnat ta’tilini olish va tibbiy xizmatdan bepul foydalanish huquqlari kafolatlangan.

Misol uchun, joriy yilning 31 avgust kuni Mustaqillik bayrami munosabati bilan Byuroning Samarqand shahar bo‘limida faoliyat yuritayotgan 10 nafar xodim rag‘batlantirildi. Hozirda bo‘lim xodimlaridan 112 nafarining mehnat ta’tiliga chiqishi ta’minlangan. Bo‘lim xodimlarining ish samaradorligini, mehnat sharoitlarini oshirish, ularga yanada qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda.