Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Migrantlardagi farq: Adasi, "Neksiya"ni "Lasetti" qilib keting...

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov telegram kanalida o‘zga yurtlarda mehnat qilayotgan yurdoshlarimizning kechinmalarini joylashtirdi. E’tiboringizga ushbu kechinmalarni havola etamiz.

"Bir necha yillar oldin Dubaydagi do‘konda mollarimizni “sortirovka” qilib o‘tiribmiz. Shu do‘konda xizmatchi bo‘lib ishlaydigan 35 yoshlardagi hind yigiti bizga yordamlashyapti. Orada bir nafas dam oldik.

Tanaffusdan foydalanib ishchi hind yigiti telefonini olib, undagi oilaviy xotira suratlar va videolarni berilib tomosha qila boshladi.

Qarashlaridagi sog‘inch, mehr, emotsiyalarni yozib tushuntirib bo‘lmaydi.

Sekin gapga soldim...

Aytishicha, Dubayga kelganiga ikki yildan oshibdi. Taxminan 200 dollardan oshiqroq maosh olarkan. Yotog‘i va ovqati xo‘jayinning zimmasida.

– Juda kam-ku!

– Iloj qancha, yurtimda ish yo‘q, shu ishga kelish ham juda qiyin va omadi kelgan odamga nasib qiladi, dedi.

Oyning oxirida Emiratdagi Western Union larda juda katta ochered bo‘ladi.

Yigit ham topgan pulini boricha, Hindistonga yuborarkan. Shundan yuz dollardan ko‘prog‘ini ikki farzandining ta’lim olishi uchun ishlatarkan. Qolgan qismini qari onasi va oilasining ta’minotiga sarflasharkan. Yigit farzandlari yaxshi o‘qib, kelajakda yaxshi kasb egasi bo‘lishidan va shu orqali «it yotish, mirza turish» hayotidan qutulishiga umidvor va shunga ishonadi...".

***

Bir o‘zbek oila boshlig‘i Rossiyada migrantlik qilardi.

Bir ketganida kamida olti oy yoki bir yildan ko‘p muddatda yurtga qaytadi.

"Neksiya"lar moda bo‘lgan paytlar...

Uzoq muddatli ayriliqdan keyin bir oylik «ta’til»ga kelgan kishiga ayoli so‘z qotibdi:

– Adasi, itdayam, bitdayam "Neksiya" bo‘lib ketdi. Ketishizdan oldin "Neksiya"ni "Lasetti" qilib keting...

Akamiz ayollarining o‘tinchini yerda qoldirmasdan, 30.000 dollarga “Lasetti” olganlar va garajga qo‘yib, uzoq muddatga Moskvaga jo‘nab ketganlar.

Hozirgi kunda dunyodagi eng zo‘r matematiklar, doktorlar, programmistlar, puldorlar... hindlardan chiqayotgani bejizga emas!