Ming bir bo‘hton va nohaqliklar bilan qoralangan Saidrizo Alizoda azoblarga qanday bardosh bergan?

Shunday umrlar bo‘ladiki, ularni yillar, hatto asrlar o‘tishi bilan unutmaysan kishi. Ana shu umr sohiblarining abadiy tirikligini, barhayotligini ta’minlovchi, ularga haykal qo‘yuvchi buyuk kuch insoniyat taraqqiyoti uchun, xalq obodligi, ilm-ma’rifat, taraqqiyot uchun olib borilgan kurashdir. Bu yo‘lda to‘kilgan qon, sarflangan kuch-quvvat, peshona teri kurashchini shunday barhayot va muqaddas qiladi.
Deydilarki, dunyoda birinchi muallim yunonistonlik Arastu bo‘lgan. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Ammo har o‘lkaning, har bir millat va elatning o‘z muallimi, ma’rifatparvari va vatanparvari bor. Qanchadan-qancha ulug‘larning beshigi bo‘lmish qadimiy Samarqandimiz ham o‘z muallimiga ega. Ana shu birinchi yangi usul maktablarining tashkilotchilaridan, targ‘ibotchilaridan biri Saidrizo Alizoda desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Jaholat va xurofot dushmani bo‘lmish Saidrizo Alizoda asrimizning boshlarida atoqli taraqqiyparvar, maktab va maorifning targ‘ibotchisi sifatida katta obro‘ qozondi. Aslini olganda, samarqandlik bofanda-kosib Mir Alizoda xonadonida o‘tgan asrning oxirgi choragida dunyoga kelgan bu kishining taqdiri, bolaligi va o‘smirligi o‘sha davrdagi million-million kishilarning toleidan farq qilmasdi. U 13 yil mobaynida kosib do‘konxonasida shogirdlik qildi. Teran aqli, ziyrak ongi va pokiza tafakkuri uni dunyoviy ilmlarni egallashga chorlardi. Eski maktabda yetarli xat-savodga ega bo‘lgan Saidrizo bu bilan qanoatlanib qolmadi. Zamonaviy bilim olish, ruscha o‘qishga tinmay intildi. O‘qish esa pulsiz muyassar bo‘lmagani va otasining kosibchilik daromadi bunga imkon bermagani sababli u ro‘molboflik do‘konxonasini tark etib, Samarqanddagi Demurov bosmaxonasida harfchinlikka shogird bo‘lib kirdi. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, u ruscha va arabcha alifbeda harfchinlikni o‘rgandi.
U kunduzi bosmaxonada ishlar, kechalari rus muallimlaridan dars olardi. Alizoda bunga ham qanoatlanmay, 1906-yilning bahorida Bag‘doddan Samarqandga ko‘chib kelgan mudarris Alganjiyning tahsilidan bahramand bo‘lardi. Hojishayx Abulqosim Alganjiy arabini o‘bdon biladigan kishi bo‘lib, asli Ozarbayjonning Ganja (hozirgi Kirovobod) shahridan edi. U podsho hukumatiga qarshi kurash olib borgan siyosiy tashkilotlarda ishtirok etgani uchun o‘tgan asrning oxirlarida Zakavkaze bosh jandarmeriyasi tomonidan Sibirga surgun qilingan, ikki o‘rtog‘i bilan Sibirdan qochib, Xitoy va Hindiston orqali Iroq arab o‘lkasiga borgan, bu yerdagi madrasalarda o‘qib, ilmini mukammallashtirgach, arab qiziga uylanib, bola-chaqasi bilan Samarqandga kelgan edi.
Saidrizo Alganjiy madrasasida qariyb 10 yil davomida ta’lim oldi. U mantiq, falsafa, usul, bayon, hayat va riyozatdan tashqari, arab va fors tillarini egalladi. Alganjiyning tashabbusi va bevosita rahbarligi ostida ochilgan ibtidoiy maktabda 10 yil muallimlik qildi.
Maktablarda o‘qitish pulsiz bo‘lmagani uchun ko‘pgina kambag‘allar farzandlarining savodsiz qolayotganligi Saidrizoni ruhan qiynab kelardi. U bu ijtimoiy tengsizlikning tag-tomiri haqida o‘ylar, uni yulib tashlash yo‘llarini qidirardi. Biroq, bunday yo‘lni topish oson emas edi. Shuning uchun ham 20 dan ortiq yo‘qsil bolalarni tekin o‘qita boshladi. U o‘zining ozgina maoshidan kambag‘al bolalarga kitob, daftar va boshqa narsalar sotib olib berar, hatto ba’zi birovlarga kiyim-kechak va poyabzal in’om etardi.
Samarqandliklar Saidrizoning oliyhimmatligi, saxovati va insonparvarligini har qadamda his qilardilar. Turli idoralarga ishi tushgan, yo‘l-yo‘riqni bilmaydigan kambag‘allarning ishini o‘z qalami bilan hech qanday hadyasiz to‘g‘rilab berardi. U maktabdan kelguncha hovlisidagi mehmonxonada bir necha yo‘qsil yig‘ilib, maslahat va yordam so‘rash uchun uning kelishini kutardi. Saidrizo ishdan qanchalik charchab kelmasin, ularning iltimosini hech qachon qaytarmas va ko‘nglini qoldirmasdi. Kasalmandlar, beva-bechoralar undan najot kutganlarida, qor-yomg‘irga, qorong‘u tun bo‘lishiga qaramay, arava va foytun yurolmaydigan ko‘chalardan o‘tib, vrach yoki feldsher topib keltirar, hech kimdan haq olmay, dori-darmonga o‘z yonidan pul berardi. Bemor tuzalguncha uning hovlisiga bir necha marta borib xabar olishni kanda qilmasdi. Bu xalq farzandining insonparvarligidan ruhlangan vrachlardan Belfeld, Merles, Deych va Atoulloxon (afg‘on bobo) kabilar ham kasallardan pul olmay davolashardi.
Saidrizoni shaxsan tanigan, u bilan birga yashagan va ishlagan kishilarning guvohlik berishlariga qaraganda, kuz kelishi bilanoq Bog‘ishamol elatidagi kambag‘al-benavolarni surishtirib, ularning nomini yon daftarchasiga yozib olar, o‘rta dehqonlardan, bog‘dorlardan o‘tin sotib olib, ularga bo‘lishtirib berarkan.
Alizodaning kambag‘alparvarligidan dalolat beruvchi yana bir lavha extiborga loyiqdir. U o‘g‘liga to‘y qilganida boylar va o‘ziga tinch kishilardan hech kimni taklif qilmagan. To‘y maslahatini to‘rt-besh kambag‘al o‘rtoqlari bilan yashirin ravishda o‘tkazgan. Shundan otasi Mirma’sum bobo notinchlanib o‘g‘lidan so‘ragan:
- Ertaga to‘y qiladigan bo‘lsang, paykorni qachon chiqarasan-u, qachon to‘yga xabar qilasan?
- Sira tashvishlanmang, ota, mehmonlarning hammasi chaqirilgan, - deb javob beradi Saidrizo.
To‘y kuni otasi va amakilari mehmonlarni kutib olish uchun darvoza yonida qo‘l qovushtirib turishadi. Ular qay ko‘z bilan ko‘rsinlarkim, hammadan oldin qishloqning kambag‘al kishilari – chorakorlar, mardikorlar, kosiblar va boshqa yo‘qsillar kela boshlaydilar. Ular mo‘ysafidlarning salobatidan hayiqib, hovliga kirmay, tortinib turadilar. Buni ko‘rgan Saidrizo ularni hovliga kiritib, mehmonxonalarga taklif qiladi. Kambag‘allar yalang oyoqlari bilan mehmonxonaga kirib, ko‘pachalarda o‘tirishdan uyalishardi.
- Kiraveringlar, to‘y o‘zlaringniki, tortinishning hojati yo‘q! – deydi Saidrizo ularga xitoban.
Samarqand shahrining Lolazor mahallasida G‘ulom aka Murodov degan kishi bor. U Saidrizo Alizodani shaxsan tanigan, uning saxovatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. G‘ulom akaning hikoya qilishiga qaraganda, u paytlarda Alizoda gazeta redaksiyasida ishlagan. G‘ulom aka esa eski bozorchadaoshpazlik qilgan.
- Mening dastxatim bilan kelgan kambag‘allarga o‘zimga suzib beradigandek qilib kunda bir kosadan osh berib turing, - deb tayinlagan Saidrizo. Shunday qilib, har kuni sakkiz-o‘n kambag‘al Alizoda hisobidan G‘ulom akaning qo‘lidan taom yegan.
Saidrizo kambag‘alparvarlik bilan birga, ma’rifatparvarlikni ham davom ettirdi. U yangi usuldagi maktab ochish haqida orzu qilardi. Biroq, buning uchun, birinchidan, o‘zbek va tojik tillarida darsliklarning yo‘qligi, ikkinchidan, yangi ta’limdan xabardor muallimlarning topilmasligi xalaqit berardi.
Alizoda bu mushkulning birinchisiga o‘z ilmi va tajribasi bilan chora topdi: o‘zi o‘qitadigan maktabda tatar, fors va arab darsliklaridan olingan parchalarni tarjima qilib, ham o‘zi foydalandi, ham boshqa muallim o‘rtoqlariga berdi. Uning bu harakatini safdoshlaridan Halim Karimzoda, Kozim Homidzoda, Imomqul Mo‘yinov va boshqalar astoydil qo‘llab-quvvatladilar. Bu muallimlar o‘n yil davomida kambag‘allarning farzandlarini o‘qitgan ajoyib ma’rifatparvarlar edi.
Saidrizo Alizoda yoshligidan boshlab umrining oxirigacha maorif va madaniyat yo‘lida qancha xizmat bo‘lsa, o‘z ma’lumotini oshirish uchun ham zo‘r g‘ayrat bilan intildi. U turli tillarni o‘rganishga, ayniqsa, ishtiyoqmand edi. Saidrizo o‘zbek, rus, fors-tojik, tatar, ozarbayjon, turk, arab va kurd tillarini g‘oyat yaxshi bilardi. Biroq, u bu bilan qanoatlanib qolmadi. Yahudiy olimlar huzuriga borib, haftada ikki marta dars olish orqali ibriy (qadimgi yahudiy) tilini o‘rgandi.
Alizoda arman tilini o‘rganishga ham zo‘r ishtiyoq bilan kirishdi. Bu yo‘lda unga samarqandlik armanlarning din ulamosi tan bergan edi. U o‘z talabasining arman tiliga bo‘lgan havasini ko‘rib, uni nihoyat darajada hurmat qilardi. Axir, O‘rta Osiyo xalqlaridan kim ham bu tilni o‘rganishga intilardi, deysiz? Alizodaning bu sohadagi muvaffaqiyati shu darajaga yetdiki, Samarqanddagi armanlar unga qayerda duch kelishmasin, o‘z tillarida hol-ahvol so‘rashar, unga uzoq umr tilashardi. O‘sha paytdagi armani maktablarining muallimlari ta’kidlashicha, Alizoda ular bilan nuqul adabiy tilda gaplashgan. Armanlar Alizodani o‘z ma’raka-mavridlariga taklif qilishar va u to‘ylarda o‘z tori bilan xizmat qilib, hatto arman san’atkorlarini ham hayratda qoldirardi.
Saidrizo Samarqandda yashagan bir necha fransuz muallimlaridan ta’lim olib, bu tilni ham o‘rgangan edi. U biror daqiqa vaqtini bekorga o‘tkazmas, turli tillarni, har xil bilimlarni o‘rganishga tashnalik bilan intilardi. Samarqand aholisining aksariyati bu olim, dono va san’atkor kishi bilan suhbat qurishni orzu qilardi. Saidrizo esa millatiga, ijtimoiy chiqishiga e’tibor bermasdan, hamma bilan ham til topshiradi.
Saidrizo Alizoda ma’rifatparvarlikdan tashqari juda katta ijtimoiy-siyosiy faoliyat egasi edi. Chor Rossiya amaldorlari turli matbuot nashrlarini olib turadigan bu kishining Bog‘ishamoldagi maktabini bir necha marotaba tintuv qildilar. Politsiya bu bilan ham qanoatlanmay, 1908-1916 yillarda uning maktabini uch marta tambalab qo‘ydi. U muallimlik bilan birga, bosmaxonaning ikkinchi smenasida ishlar, ishchilarning yashirin tashkilotlarida, temiryo‘lchilarning maxfiy tashkilotlarida aktiv qatnashar, harbiy xizmatda bo‘lgan bolsheviklardan V.Figelskiy, A.Frolovlar bilan yaqin aloqa bog‘lab, gazetalar hamda varaqlarni ishchi va dehqonlar orasida tarqatardi.
Saidrizo Alizoda ajoyib tilshunos olim edi. U Samarqand davlat universitetida 1933-1937 yillarda arab, fors va tojik tillaridan dars berdi. Xalq farzandi, el g‘amxo‘ri, jurnalist va olim Saidrizo Alizoda bo‘hton girdobiga duchor bo‘lib, nohaq qoralandi. Biroq u hayotining so‘nggi damlarigacha ilm-ma’rifat rivoji uchun ishonch va sadoqat bilan nafas oldi. Samarqandning kattayu kichigi ajoyib ma’rifatparvarning tabarruk nomini hurmat bilan tilga oladi.
Ha, mard kurashchilar hech qachon o‘lmaydi! Ular zamondoshlar dilida, tilida abadiy yashaydi. Saidrizo Alizoda ham bayram, sana va tantanalarimizda biz bilan yonma-yon turgandek barhayotdir!
Hasan IRFON, tojik yozuvchisi.
Mirzaxo‘ja O‘RINXO‘JAYeV, shaxsiy pensioner.
Ahmadjon MUXTOROV, jurnalist.
"Lenin yo‘li"(hozirgi "Zarafshon") gazetasining 1967 yil, 5 oktyabr, 108-sonidan qisqartirib olindi).