Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mingta mumtoz maktab orzusi

Kechagina O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishib, xalqimiz ozodlikka chiqib, hurriyat nuridan bahramand bo‘lganining 30 yilligini tantanali nishonladik. Mustaqillik yillarida hayotimiz o‘zgarib, mutlaqo boshqacha yangi jamiyat barpo etildi. Xalq turmushi, farovonligi yanada yuqori sifat bosqichiga ko‘tarildi. Savdo do‘konlarimiz mahsulotga, ko‘chalarimiz mashinaga to‘ldi. Chekka shaharlarimizda ham zavodlar, fabrikalar va osmono‘par binolar qurilib, qishloqlarimiz aholisi zamonaviy hayot kechira boshladi.

Biz, pedagoglar uchun bayram bayramga ulanib, hademay butun mamlakatimiz bo‘ylab “Bilimlar kuni” keng nishonlanadi. Keyingi yillarda yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lganidek, ta’lim sohasida ham jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda test sinovining joriy etilishi inqilobiy hodisa bo‘ldi. Yashirib nima qilamiz, undan oldin qo‘lingizda mo‘maygina pulingiz bo‘lmasa, oliy ta’lim olish haqida orzu ham qilolmasdingiz. Chunki o‘sha yillarda oliy ta’lim muassasalari qulog‘igacha korrupsiya botqog‘iga botgandi. Garchand, keyinchalik ham bu illatdan tamomila qutula olmagan bo‘lsak-da, hech bo‘lmasa, qabul jarayonida nisbatan adolat qaror topdi. OTMlarga oddiy kasb egalarining farzandlari ham qabul qilina boshlandi. Biroq ushbu yutuqni oliy maktablardagi qamrov darajasining pasayib ketishi yo‘qqa chiqardi.

Aytaylik, o‘tgan asrning 90-yillari boshida O‘zbekiston oliy ta’lim qamrovi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yuqori darajada bo‘lsa, 2016 yilga kelib eng oxirgi o‘ringa tushib, ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 9 foizni tashkil etdi. Mamlakatimizdagi birorta oliy ta’lim dargohi xalqaro reytinglarga kirmadi. Mana, nihoyat 2021 yilga kelib, 29 foiz maktab bitiruvchilarimiz OTMlarga qabul qilinadigan bo‘ldi. Ma’lumot uchun shuni keltirish mumkinki, yon qo‘shnimiz Qozog‘iston Respublikasida oliy ta’lim qamrovi ko‘rsatkichi 40 foizdan ziyod bo‘lib, sakkizta oliy ta’lim muassasasi dunyodagi OTMlarning mingtalik reytingiga kiritildi. Endilikda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu ko‘rsatkichni bizda ham 2030 yilgacha 50 foizga yetkazib, mingtalik ro‘yxatga kirish vazifasini qo‘ydi.

Mamlakatimiz ta’lim sohasidagi oqsoqlik tizimli bo‘lib, shu davr ichida umumiy o‘rta ta’lim berishda ham aytarli jiddiy islohotlar bo‘lmadi. Albatta, xalq ta’limida o‘zgarishlar umuman bo‘lmadi desak, adolatdan bo‘lmaydi. Lekin maktablarimizdagi islohotlar ko‘p hollarda xo‘jamko‘rsin qabilida yuzaki amalga oshirildi. Natijada ayrim dekorativ o‘zgarishlarni hisobga olmaganda, xalq ta’limida chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y bermadi. Xom o‘ylangan rejalar asosida amalga oshirilgan ishlar samarasiz ketib, umumiy o‘rta ta’lim sohasida davomiy depsinish holati yuzaga keldi. Bitiruvchilarni o‘rta-maxsus ta’limga ommaviy jalb qilish tadbirlari barbod bo‘lib, o‘rtada juda katta mablag‘lar o‘rinsiz sarf qilib yuborildi.

 Bu borada mamlakatimizda keyingi besh yilda amalga oshirilayotgan ishlar kishida umid uyg‘otadi. Masalan, viloyat markazlarida ijodiy maktablar, Prezident maktablari, fanlarni chuqur o‘rgatuvchi ixtisoslashgan umumta’lim maktablarining tashkil etilayotgani albatta yaxshi. Ammo faqat markazlar haqida qayg‘urib, chekka hududlarni nazardan qochirish ham durust emas. Chunki chekka-chekka qishloqlarda ham iqtidorli-iste’dodli o‘quvchi yoshlarimiz ko‘p. Shu ma’noda, ularga ham zamonaviy sifatli bilim berishimiz zarur. Bunga erishish uchun hamma ta’lim muassasalarini birdek oyoqqa turg‘izib, sifat o‘zgarishlari qilish vazifasi garchand, bir qarashda juda jozibali ko‘rinsa-da, uni amalga oshirish nihoyatda og‘ir, balki umuman bajarib bo‘lmaydigan ishdir. Nega desangiz, ta’lim sifatini keskin ko‘tarish uchun ko‘plab malakali kadrlar talab qilinadi. Afsuski, hozirgi holatda muallim ustozlarimizning ko‘pchiligi davr talablariga javob bera olmaydigan o‘qituvchilardan iborat. Buni quyidagi raqamlardan ham bilib olish mumkin. Respublikamiz maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning bor-yo‘g‘i 3,5 foizi oliy toifali pedagoglar bo‘lib, ular ham turli maktablar o‘rtasida sochilib ketgan. Ustozlarning qolgan katta qismini quyi toifadagi o‘qituvchilar tashkil etadi.

Bizning nazarimizda, birdan bajarib bo‘lmaydigan salmoqli ishga qo‘l urmasdan, maktablarimizni bosqichma-bosqich, bitta-bittalab oyoqqa qo‘yishimiz zarur. Albatta, bu ko‘p vaqtni talab qiladi, ammo biz uchun bundan o‘zga oqilona yo‘l yo‘q.

Aytaylik, bitta qishloqda, bitta mahallada yoki bir nechta qishloq orasida bir necha maktab bo‘lishi mumkin. Shularning orasidan kadrlar salohiyati nisbatan yuqori bo‘lgan bittasini tanlab olish lozim. Ma’lum shart-sharoitlar yaratilgach, atrofdagi barcha maktablardagi oliy toifali pedagoglar va a’lochi o‘quvchilar shu maktablarga jalb etiladi. Qolgan maktablardagi moddiy va ma’naviy vositalar, direktorlar jamg‘armasidagi mablag‘lar ham ana shu namunali ta’lim muassasalariga yo‘naltiriladi. Buning natijasida ushbu maktablarda ishlovchi pedagog-xodimlarning ish haqi ham yuqori bo‘ladi. Agar o‘quvchilarning maktabga qatnashlari uchun yo‘l uzoq bo‘lsa, maktab ixtiyoriga avtobus ajratiladi. Shu taxlit respublikamizda minglab mazmun jihatidan yangi mumtoz maktablar tashkil etiladi. Ana shu xildagi maktablar kelajakda barcha sohalarni olg‘a siljituvchi lokomotiv vazifasini bajarib, qolgan oddiy maktablarni ham ortidan ergashtirishi shubhasiz.

 Natijada mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida chinakam raqobat muhiti vujudga kelib, Prezidentimiz orzu qilgan mingta yangi “Qorako‘l maktabi” paydo bo‘ladi. Bu fikrlarimga kimdir qo‘shilishi, kimdir e’tiroz ham bildirishi mumkin. Agar o‘zgacha o‘ylasangiz, marhamat, birga fikrlashaylik.

Xudoyberdi KOMILOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy pedagog.