Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mirbozorda dahshatli YTH sodir bo‘ldi. Ikki kishi vafot etgan

Kecha, 16 mart kuni soat 21:40 da Narpay tumani Mirbozor qo‘rg‘oni hududidan o‘tuvchi “Samarqand-Buxoro” M-37 avtomobil yo‘lining 105-kilometrida “Lacetti” rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi beton to‘siqni buzib o‘tgan va shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan “Gazel” rusumli mikroavtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Oqibatda shu yo‘nalishda harakatlangan “VAZ 2106” va “Nexia-2” rusumli avtomashinalar shikastlangan, ushbu avtomashina haydovchilari jabr ko‘rmagan.

YTH tufayli “Gazel” rusumli mikroavtobusning haydovchisi va bir nafar yo‘lovchisi hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan, yana bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga yotqizilgan, mikroavtobusda bo‘lgan 9 nafar yo‘lovchi va “Lacetti” rusumli avtomashina haydovchisi turli xil darajada tan jarohatlari olib, tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, yo‘l-transport-hodisasi sabablari aniqlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.