Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar pora bilan qo‘lga olingani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari fuqaroga yer olib berishni va’da qilib 50 ming dollar olgan paytida qo‘lga olingan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalmoqda. Daryo nashriga ko‘ra, viloyat hokimi Murodjon Azimov ishtirokidagi apparat yig‘ilishida voqea ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, Mirishkor tumani hokimining 2021 yil sentyabr oyidan beri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan U.Ya. fuqaroga yer maydoni olib berishni va’da qilib, 80 ming dollar so‘ragan. 2022 yilning 5 fevral kuni so‘ralgan pulning 50 ming dollarini olayotgan paytida qo‘lga tushgan.

«Mirishkorda, Muborakda «uchastkavoy» bo‘lib ishlagan, viloyat IIBda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan muttaham 80 ming dollar so‘rab, 50 ming dollar bilan qo‘lga tushgan», degan viloyat rahbari.

Ta’kidlanishicha, viloyat hokimi mazkur ma’lumotni jamoatchilikka ochiqlab, Mirishkor tumani hokimi Sherali Sanayevga ham dakki bergan. Sherali Sanayev esa bu holat tuman uchun isnod bo‘lganini, hokimlik vakillarining yuzi yerga qaraganini bildirib, «Bizni aybimiz bu, huquq tartibot organlari bilan tizimli ishni yo‘lga qo‘yishni kelishib oldik. Va’da beraman endi bunday bo‘lmaydi», — degan.

Viloyat hokimi Murodjon Azimov bunga javoban Sherali Sanayevga toza yigit ekanini, lekin nazorat qilmaganini aytgan. Shuningdek, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Dolli Allayevga «bu sizning ham aybiz, nazorat qilmagansiz», deya tanbeh bergan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28-, 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.