Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muallim

Otadek zahmatkash, otadek buyuk,

Onadek mehribon, onadek suyuk.

Kim bor undan ortiq xurmatga loyiq,

Dunyoda tengi yo‘q tabarruk inson -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Qalbin qo‘ri bilan ko‘zimiz ochgan,

Yo‘limizga umid urug‘in sochgan,

Qaynoq quchog‘ida minglarni quchgan,

Nomi dildan ko‘chmas, tillarda doston,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Subhidam tongidek yuragi toza,

Zam-zam bulog‘idek tilagi toza,

Tomirda qoni sof, suyagi toza,

Ko‘klam bulutidan olgan andaza,

Qush kabi bezavol, lek ko‘ksi osmon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Qancha buyuklarga muqaddas beshik,

Saodat uyiga eltuvchi eshik.

Sen o‘sha, dillarga jo bo‘lgan qo‘shiq,

Zakovat ziyosi yoritgan bo‘ston,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Hazrat Navoiyni qo‘lidan tutgan,

Ulug‘bek nigohin yulduzga otgan,

Ne-ne allomalar poyida yotgan,

Ma’rifat tomiga qo‘yilgan narvon -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Go‘dakni ardoqlab, Naqshband etgan,

Qancha Buxoriyni elga tanitgan,

Bizlarga ajdodlar salomin bitgan,

Eng katta boyligi - pokiza iymon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Shogirdlari erur topgan davlati,

Yutug‘idan ortar belda quvvati,

Hammaga barobar, baland himmati,

Saxovat mulkiga kamtarin sulton,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

O‘ttizga bo‘ladi bitta jonini,

Besamar o‘tkazmas biror onini,

Haloldan topadi burda nonini,

Millat ardoqlagan o‘sha sharaf-shon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Ertadan umidvor, bugundan rozi,

Qo‘lidan tushmaydi nafosat sozi,

Olamni titratar o‘tkir ovozi,

Istiqlolga yuzin ochgan guliston -

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Qo‘lidan tushmaydi daftar, qalami,

Tilidan tushmaydi hikmat kalomi,

Kattayu kichikka birdek salomi,

Hayot karvoniga benazir sarbon,

Ustoz muallimdir, ustoz - muallim.

 

Har so‘zi javohir  - muqaddas kitob,

Urfon osmonida chaqnagan oftob,

Turish turmushining o‘zi bir savob,

Xurofat yo‘liga qo‘yilgan qalqon -

Ustoz muallimdir, ustoz – muallim!

 

Komil SINDOROV.