Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik aksiya yana davom ettiriladi(mi?)

Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida jami 845 ming 888 ta ko‘chmas mulk ob’yektlari mavjud va ularning 804 ming 372 tasini turar joy va 42 ming 014 tasi noturar joy ob’yektlari hisoblanadi. Shundan, 517 ming 232 tasining (61 foizi) kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, 294 ming 146 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 328 ming 656 tasi (39 foizi)ning kadastr hujjatlari mavjud emas.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida Yer resurslari, kadastr idoralari, “O‘zdavloyiha” instituti viloyat bo‘limi, Samarqand “Aerogeodeziya” korxonasi rahbarlari ma’lumot berishdi.

Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan joriy yil 1 oktyabrdan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar Milliy geografik axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi. Bu esa joylarda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davrida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 45,8 mingdan ortiq, kadastr pasporti tayyorlash yuzasidan 19,2 mingdan ziyod murojaat tushgan.

- Fuqarolarni qiziqtirgan eng muhim mavzulardan biri, albatta yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratish bilan bog‘liq bo‘lmoqda, - deydi viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Fozil Xudoyqulov. – Bunday murojaatlarning ko‘payishi tabiiy va bizda yer resurslari cheklanganligi tufayli endilikda yerlar faqat auksion orqali beriladi. Hozirda viloyat bo‘yicha 700 dan ortiq uy-joy qurish uchun muhokamada kelishilgan yer uchastkalari auksionga chiqarilgan. Shundan 286 ta yer maydoni savdoga chiqarildi, rad etilganlari ham kuzatildi. 213 ta yer maydoni ochiq savdoda sotildi va hozirda 67 ta yer uchastkasi bo‘yicha savdolar o‘tkaziladi.

Yana bir muhim masala, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi yuzasidan murojaatlar bilan qiziqishmoqda. Aksiya doirasida viloyat bo‘yicha 85 630 ta murojaat tushdi va 40,7 ming murojaat ijobiy hal etildi, 27,2 ming ariza rad qilindi. Afsuski, aksiya doirasida tuman, shahar hokimlarining qarori chiqarilgan bo‘lsa-da, 14 ming 635 fuqaro tomonidan bir martalik yig‘im to‘lashni paysalga solinmoqda. Vaholanki, to‘lovlar aksiya muddati tugaguncha, ya’ni 2019 yil 1 maygacha to‘lanishi lozim edi. Buning natijasida mulk huquqi e’tirof etilmasdan qolmoqda va yana bir muhim masala bunday aksiyani davom ettirish ko‘zda tutilmagan.

Endilikda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi “Yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida auksion orqali yoki auksionsiz ajratiladi.